Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlarning soliqqa oid muammolari nazoratda
12:05 / 2025-04-22

Farmon va ijro

Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan Bo‘ka tumanida faoliyat yuritayotgan kichik va o‘rta biznes vakillari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish va soliq tizimidagi yangiliklar haqida to‘liq ma’lumot berishdir. 

Tadbirda viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Zulfanov, tuman hokimi B.Begmatov, tuman soliq inspeksiyasi rahbariyati, mahalliy hokimlik vakillari hamda bir qator faol tadbirkorlar ishtirok etdi. Muloqot davomida soliq qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlar va ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta’siri, “Soliqchilar tadbirkorlarga yordamchi” tamoyili asosidagi yangicha yondashuvlarga alohida e’tibor qaratildi. 

Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun yaratilgan elektron soliq xizmatlari va raqamli yechimlar, soliq hisobotlarini to‘g‘ri va o‘z vaqtida taqdim etish, amaldagi imtiyozlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Prezidentimizning joriy yil 19 martdagi “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tadbirkorlik sub’ektlariga berilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berildi. 

– Joriy yil boshidan buyon tumanda soliq xodimlari ko‘magida vaqtincha moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan 70 nafar tadbirkorlarning faoliyatlari qayta tiklandi, 5 ming 242 nafar fuqaro o‘zini-o‘zi band qildi. Kelgusida ularning faoliyatini rivojlantirish hamda kengaytirishida amalga oshirishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan fikrlar almashildi. Jarayonda tadbirkorlarning soliq imtiyozlarini qo‘llash, noturar ob’ektlarga mol-mulk solig‘ini hisoblash, ma’muriy huquqbuzarliklar, bank hamda kadastr organlari bilan bog‘liq muammo va takliflari tinglandi, – deydi Toshkent viloyati soliq boshqarmasi bosh inspektori Qahramon Niyazmetov. 

Uchrashuv erkin savol-javob va fikr almashish ruhida o‘tdi. Tadbirkorlar o‘z muammo va takliflarini bildirdi. Soliq organi rahbariyati hamda mutasaddi tashkilotlar mas’ullari har bir murojaatni diqqat bilan tinglab, aniq yechimlar va tavsiyalar berdi. 

A.Musayev, O‘zA