Farmon va ijro
Shu kunlarda Toshkent viloyati tadbirkorlik sub’ektlari uchun mamlakatimizning 2026 yilga mo‘ljallangan soliq siyosati konsepsiyasi doirasida qonunchilikka kiritilgan asosiy o‘zgartirishlarga bag‘ishlangan seminarlar o‘tkazilmoqda.
Xususan, Yangiyo‘l shahar hokimligida Soliq qo‘mitasi hamda Toshkent viloyati soliq boshqarmasi rahbariyati va soha mas’ullari ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda barcha tuman-shaharlardan kelgan tadbirkorlar hamda ularning vakillari faol ishtirok etdi.
Tadbir davomida soliq tizimidagi yangiliklar, Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyati va ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta’siri batafsil tushuntirildi.

– Mazkur qonun hujjatlari bilan Soliq kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, – deydi Toshkent viloyati Soliq boshqarmasi katta inspektori Boburbek Nasriddinov. – Biz ularni bir qator yo‘nalishga bo‘ldik. Jumladan, naqd pulsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish yuzasidan kiritilgan yangiliklar seminar ishtirokchilari e’tibor markazida bo‘ldi. Bugungi kunda mamlakatda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, biznesga yangi imkoniyatlarni yaratish, shuningdek, fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Prezidentimizning 2025 yil 10 dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazkur yo‘nalishda qabul qilingan muhim hujjatlardan biri hisoblanadi.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 505 trillion so‘mni yoki 34,8 foizni, shundan 122 trillion so‘m yoki 24,1 foizi yashirin hamda 384 trillion so‘m yoki 75,9 foizi norasmiy iqtisodiyot hisoblanadi. Iqtisodiyotdagi bunday omillar davlat byudjetida katta yo‘qotishlar yuzaga keltirib, davlatning bir qator funksiyalarini to‘laqonli amalga oshirilishiga to‘sqinlik qiladi. Ya’ni buning hisobiga davlat maktablar, shifoxonalar, yo‘llarni qo‘rish va transport infratuzilmasini tubdan modernizatsiya qilishi mumkin edi.

Yashirin iqtisodiyot asosan bu oldi-sotdi va boshqa hisob-kitoblar naqd pulda amalga oshirilishi natijasida yuzaga keladi. Shu sababdan ko‘plab rivojlangan davlatlarda naqd pulda hisob-kitoblar 3-5 foizni tashkil qiladi. 2024 yilda O‘zbekistonda muomaladagi naqd pul ulushi 19,2 foizni tashkil qilgan.
2026 yil 1 apreldan elektr, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilishi belgilandi. Bu aholi uchun nima beradi? Har xil soxta inspektorlar kelib mazkur xizmatlar uchun to‘lovlarni naqd pulda olib sizga soxta kvitansiyalar yozib ketishini oldini oladi. Bundan tashqari, to‘lovlarni uydan chiqmasdan elektron to‘lov vositalari orqali yoki joyiga borib bank kartalari orqali inson omilisiz to‘lovni amalga oshirish imkonini beradi.

Seminarda tadbirkorlar ishtirokida savol-javoblar o‘tkazilib, ularni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha mutaxassislar tomonidan batafsil izohlar berildi. Shuningdek, ishtirokchilarga Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirgan maxsus qo‘llanmalar tarqatilib, amaliy tavsiyalar berildi.
Mazkur seminar tadbirkorlarning huquqiy bilimlarini oshirish, soliq sohasidagi yangiliklardan xabardor qilish hamda ochiq muloqot maydonini yaratishga xizmat qildi.
A.Musayev, O‘zA.