Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlarning muammolari muhokama qilindi
18:32 / 2025-08-19

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Nodirbek Salimjonov Mirzaobod tumanidagi Navro‘z kichik sanoat zonasidagi “Navro’z Total Textile” MCHJda sayyor uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida korxona faoliyati, yangi loyihalar va rivojlanish imkoniyatlari muhokama qilindi. Jumladan, toladan tayyor mahsulot — mato ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi loyihaning taqdimoti ko‘rib chiqildi.

Qiymati 16,5 million yevroni tashkil etuvchi mazkur loyihada zamonaviy to‘qimachilik texnologiyalari asosida yangi ishlab chiqarish korxonasi qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, uning 2026 yilda faoliyatga tushishi ko‘zda tutilmoqda.

Loyiha mahalliy ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, eksport hajmini oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, u mintaqada sanoat salohiyatini mustahkamlash va aholi bandligini ta’minlash imkonini beradi.

Joriy yilning avgust oyida korxona qo‘shni davlatlardan umumiy vazni 352,6 tonna va qiymati 574,8 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan paxta tolasini “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimida rasmiylashtirib, xom ashyodan ip-kalava ishlab chiqarmoqda.

Uchrashuv davomida korxona vakillari tomonidan berilgan taklif va mulohazalar o‘rganilib, ularni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. To‘qimachilik korxonasi ishlab chiqarish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sherzod Abdug‘aniyev ham uchrashuvni yuqori baholab, shunday dedi:

– Bunday sayyor uchrashuvlar korxona faoliyatidagi muhim muammo va takliflarni bevosita muhokama qilish imkonini beradi. Bu orqali biz ishlab chiqarish jarayonlarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishda aniq yo‘l xaritasini belgilab oldik, – dedi u.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri