Tadbirkorlikni rivojlantirish jarayonida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etishda Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Jizzax viloyatidagi shu’basi tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
O‘tgan 2024 yilda Biznes ombudsman Jizzax viloyat shu’basi xodimlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 600 dan ortiq murojaatning qariyb 80 foizi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 20 foizi bo‘yicha tadbirkorlarga huquqiy tushuntirishlar berilgan. Qanoatlantirilgan murojaatlar bo‘yicha 1 mingdan ortiq tadbirkorning huquqlari tiklanishiga erishilib, tadbirkorlik sub’ektlariga asossiz ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishining oldi olinganini alohida qayd etish joiz.
– “Matonat servis” fermer xo‘jaligi rahbari Nilufar Usmonovaning murojaati bo‘yicha Soliq inspeksiyasiga to‘langan 24 million 488 ming 500 so‘m miqdoridagi ortiqcha to‘lov fermer xo‘jaligi, “Luks gold stroy” MCHJ rahbari Botir Bobonazarovning “Hududgazta’minot” AJ Jizzax viloyat filiali tomonidan ortiqcha hisoblanib, noto‘g‘ri undirilgan 14 million 115 ming 800 so‘m pul mablag‘lari ushbu tadbirkorlarning hisob raqamlariga qaytarilishiga, shuningdek, “School Farali” MCHJ rahbari Shahnoza Aliqulovaning korxona tomonidan tashkil etilgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini boshlashi uchun Jizzax viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan berilishi lozim bo‘lgan litsenziya masalasi ijobiy hal etilgani, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlari xodimlarimiz tomonidan munosib himoya qilinganidan dalolat beradi, – deydi Biznes ombudsman Jizzax viloyat shu’basi mas’ul xodimi Diyor Hasanov. – Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, 132 ta davlat idorasining mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, javobgarlik masalasi hal etildi.

Vazirlik va idoralarga tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarini tiklash bo‘yicha taqdimnomalar kiritilib, barcha nazorat qiluvchi organlarning rahbarlari qonunning buzilishiga yo‘l qo‘ymasliklari haqida rasman ogohlantirildi va 89 ta noqonuniy qarorni o‘zgartirish va bekor qilish yuzasidan xulosalar keltirilganini ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim.
Shuningdek, devonning Jizzax sektori xodimlari tomonidan qarzdorliklarni undirish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilib, sud qarorlari ustidan 1 ta apellyatsiya va 2 ta kassatsiya shikoyatlari kiritilganini va jiddiy qonunbuzilish holati bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga takliflar berilganini ham qayd etish lozim.
Ushbu va boshqa qo‘llanilgan ta’sir choralari natijasida 1 milliard 30 million 190 ming so‘mlik ortiqcha qarzdorlik hisobdan chiqarilib, 89 nafar tadbirkorlik sub’ekti manfaatiga zid qarorlar bekor qilinganligini ham alohida ta’kidlab o‘tish lozim.
Bulardan tashqari, “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portaliga kelib tushgan murojaatlarning hal qilinishi ham doimiy nazoratga olingan bo‘lib, tadbirkorlardan qabul qilingan murojaatlarda ko‘tarilgan 555 ta masalaning 543 tasi, ya’ni 98 foizi vakil devoni xodimlarining ko‘rsatmasi bilan mutasaddi idoralar tomonidan ko‘rib chiqilishi ta’minlangan.
Mazkur murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarning 212 tasi qanoatlantirilib, 331 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan va kelib tushgan ushbu murojaatlar asosida tadbirkorlarga 7 milliard 241 million so‘m kredit mablag‘lari ajratilishida, 809 million so‘m pul mablag‘larini undirishda, 1 milliard 32 million 81 ming so‘m miqdorida qarzdorlik uchun asossiz to‘langan summalar qaytarilishida yordam ko‘rsatilganini ham alohida e’tirof etish kerak.
Tadbirkorlar virtual ofisi orqali hisobot davrida xodimlar tomonidan ko‘rib chiqilgan 543 ta masalaning 18 tasida muddat buzilish holati aniqlandi. Ushbu holatni sodir etgan davlat idoralari mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy va intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

– Davlatimiz rahbarining 2024 yil 12 noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining qabul qilinishi nazorat organlarining tadbirkorlar faoliyatiga aralashuvining tubdan qisqartirilishi, tekshirishlarni tashkil qilish tizimining yanada takomillashuvi va mansabdor shaxslarning ular faoliyatiga asossiz aralashuvi uchun javobgarlikning kuchaytirilishi, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada kuchliroq himoya qilinishini kafolatlaydi, – deydi Biznes ombudsman Jizzax viloyat shu’basi rahbari Sardor Usmonov. – Shu o‘rinda, tadbirkorlik faoliyatini nazorat qilishni tartibga solish va cheklash maqsadida tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini nazorat qilishga vakolatli organlar va ularning nazorat sohalari ro‘yxati tasdiqlanib, ushbu ro‘yxatga kiritilmagan organlar, tashkilotlar tomonidan hamda nazorat sohasida nazarda tutilmagan masalalar bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida nazorat tadbirlarini o‘tkazish taqiqlanishi belgilab qo‘yilganligini alohida qayd etish lozim.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri