Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va qulay investitsiya muhitini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda hamda ushbu jarayonlarda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish muhim o‘rin tutadi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) devoni tomonidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rib borilmoqda.
Tashkil etilganiga nisbatan ko‘p vaqt bo‘lmagan ushbu institut tadbirkorlik sub’ektlarining haqiqiy hamkori va ishonchli himoyachisiga aylandi deyish uchun asoslar yetarli deb ayta olamiz.
Joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida Samarqand viloyati bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlaridan bevosita 589 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan 54 foizining talablari qanoatlantirilib, huquqlari tiklanishi ta’minlandi.
Xususan, kelib tushgan murojaatlarning 19 foizi soliq, 13 foizi yer, kadastr, arxitektrura, 10 foizi bank, moliya va kredit, 11 foizi davlat idoralarining qarorlari yoki mansabdor shaxslarning xatti-harakati yuzasidan, 8 foizi tekshiruvlar natijasidan norozilik hamda 8 foizi infratuzilmaga oid va boshqa masalalariga oid murojaatlarni tashkil qiladi.
Murojaatlarni o‘rganish natijasi bo‘yicha jami tadbirkorlar foydasiga 2 970 mln so‘m qarzdorliklar undirildi, ularga nisbatan qo‘llanilgan 1 812 mln so‘m miqdorida moliyaviy jarimalar bekor qilindi hamda 5 712 mln so‘m ortiqcha undirilgan to‘lovlar hisobraqamlariga qaytarilishi kabi va boshqa bir qator huquqlari tiklanishi ta’minlandi.
Tadbirkorlik sub’ektlariga yanada qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan hamda ularning murojaatlarini kechayu kunduz qabul qilish imkonini “TADBIRKORLAR VIRTUAL OFISI” axborot portali orqali joriy yilning 11 oyida Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan 806 ta masala yuzasidan 717 ta murojaatlar kelib tushdi hamda 776 ta masala ko‘rib chiqilib, 222 tasi hal etildi va 511 tasi yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilishi nazoratga olindi.
Ushbu portal orqali kelib tushgan murojaatlarni o‘z muddatlarida va to‘laqonli ko‘rib chiqilishini nazorat qilish Biznes-ombudsman devoni xodimlariga yuklatilgan bo‘lib, bu borada doimiy nazorat o‘rnatilgan hamda o‘tgan davrda portal orqali yuborilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddatiga rioya qilmaganligi bois 8 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanilishi ta’minlandi.
Yana bir muhim yo‘nalish, nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlar hisobi yuritilib, ularning qonuniyligi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali doimiy ravishda o‘rganib borilmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida 584 ta holatda qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 53 ta holatda noqonuniy tekshiruvlar o‘tkazish hamda 531 ta holatda tekshiruv o‘tkazishning amaldagi tartiblarini buzish holatlari aniqlanib, nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslariga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi ta’minlandi.
Umuman, yil boshidan buyon jami 217 nafar, shu jumladan tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqish muddatlarini buzilganligi uchun 81 nafar, noqonuniy tekshiruv o‘tkazish va tekshirish tartibini buzganlik uchun 71 nafar, davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini buzganlik uchun 36 nafar, litsenziya va ruxsatnomalar tartibi buzilganlik holati bo‘yicha 24 nafar mansabdor shaxslar va xizmatchilarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, jami 782,4 mln so‘m miqdorida jarima jazolari tayinlandi.
Murojaatlar asosida tadbirkorlik sub’ektlarini huquqlarini ta’minlash yuzasidan nazorat qiluvchi va davlat organlariga 5 ta taqdimnoma va 41 ta xulosalar hamda sudlarga 5 ta davo arizalari kiritildi.
Masalan, Pastdarg‘om tumanida faoliyat yurituvchi “Haqiqat” MCHJning (nomi o‘zgartirilgan) murojaatini o‘rganish davomida Samarqand viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha xizmatlar to‘liq bajarilgan bo‘lsada, uzoq vaqt mobaynida puli berilmay kelinayotganligi ma’lum bo‘lib, ushbu qarzdorlik undirish haqida sudga da’vo arizasi kiritildi hamda tadbirkor foydasiga bir milliard yigirma yetti million bir yuz qirq uch ming so‘m undirib berildi.
Tadbirkorlik sub’ektlari bilan doimiy muloqotni tashkil qilish hamda nazorat qiluvchi organlar xodimlari malakasini oshirish va kasbiy mahoratini aniqlash maqsadida yil boshidan buyon 12 marotaba sayyor qabullar o‘tkazildi, 33 ta seminarlar tashkil qilindi hamda 18 ta nazorat qiluvchi organlarning 440 nafar xodimlari tadbirkorlik sub’ekti faoliyatini tekshirish huquqini berish yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazildi.
Biznes-ombudsman instituti faoliyatining yana bir muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga, ularni rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan joriy yilda 20 dan ortiq asoslantirilgan takliflar tayyorlandi hamda ularning aksariyati tegishli normativ-huquqiy hujjatlari ishlab chiqilishida inobatga olindi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash, bu borada aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda aybdor shaxslarga nisbatan jazoning muqarrarligini ta’minlab borish kelgusida ham Biznes-ombudsman xodimlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Tadbirkorlar o‘z faoliyatlarida muammo yoki takliflar bo‘lsa, turli to‘siqlarga uchrayotgan bo‘lsa Biznes-ombudsmanga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.
Biznes-ombudsman devoni
Samarqand viloyat sho‘’basi xodimi Nodir Namozov