Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlarning huquq va manfaatlari qo‘pol buzilishi bilan bog‘liq 224 ta holat fosh etildi
20:38 / 2022-08-15

Tadbirkorlar o‘z faoliyati bilan nafaqat o‘zi, balki jamiyatga foyda keltiradi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ular jamiyatni harakatga keltiruvchi katta kuch.

Shuning uchun ham tadbirkor huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarini korrupsiyaviy tajovuzlardan himoya qilish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirkorlarning faoliyatiga noqonuniy aralashish holatlariga chek qo‘yish hamda ularning rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatayotgan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashilmoqda.

Joriy yilning yanvar-iyul oylarida ko‘rilgan choralar natijasida mansabdor shaxslar tomonidan tadbirkorlarning qonuniy faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilish hamda ularning huquq va manfaatlarining qo‘pol buzilishi bilan bog‘liq 224 huquqbuzarlik fosh etildi.

Jumladan, 35 davlat va boshqaruv organi, 32 tijorat banki, 18 kommunal xizmat ko‘rsatish korxonasi, 3 nazorat organi va 136 boshqa idoralar mansabdor shaxslarining tadbirkorlar manfaatlariga qarshi qaratilgan huquqbuzarlik holatlarining oldi olinishi ta’minlandi.

O‘tkazilgan uchrashuvlar hamda qabullar davomida 1,3 mingdan ortiq tadbirkorning muammolari qonuniy tartibda hal etildi.

Ko‘rsatilgan amaliy ko‘mak natijasida 34 holatda tadbirkorlik sub’ektlariga 33,6 milliard so‘m kreditlar ajratib berildi.

Sakkiz holatda elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi tarmoqlariga ulanish, 52 holatda ruxsatnoma va litsenziyalar olish hamda 1 ming 209 boshqa holatlarda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Norasmiy ravishda tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan hamda raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan 345 nafar shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi orqali 375 yangi ish o‘rni tashkil etilishiga erishildi.

Departament xodimlari tadbirkorlar murojaatlari asosida ham ularning muammolarini hal qilishga yordamlashadi.

Muammoga duch kelgan tadbirkorlar Departamentning 71-233-10-07 raqamli ishonch telefoni, @departament_antikorbot yoki www.new-department.uz rasmiy veb-sayti orqali murojaat qilishi mumkin.

N.Abduraimova, O‘zA