French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlarning chorvachilik bo‘yicha taklif va muammolari o‘rganildi
17:38 / 2021-08-25

Toshkent viloyati Ohangaron tumanida Prezidentimizning 2021 yil 3 martdagi “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida ”gi qarori ijrosi yuzasidan seminar o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov, Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov, sektor rahbarlari, tijorat banklari vakillari, hududlardan chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklari egalari va fermerlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 20 avgust kuni mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqotda sohadagi muammolarni hal qilishga qaratilgan muhim yo‘nalishlarni belgilab berdi. bugungi kunda mamlakatimizda chorva mollari va parrandalar bosh sonini barqaror oshirish, veterinariya nazoratini kuchaytirish va veterinariya xizmatlari sifatini oshirish, hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilishni samarali tashkil etish, epizotik osoyishtalik va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Galdagi vazifa chorva mollari naslini yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlash, naslchilik yo‘nalishidagi xo‘jaliklar faoliyati va chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishda yirik tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi.

– Oxirgi besh yilda chorvachilik sub’ektlari soni 3 baravar oshdi, – deydi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi B.Norqobilov. – Birgina joriy yilning o‘zida qiymati 7 trillion 122 milliard so‘mlik 1 ming 828 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. bugungi kun holatiga ko‘ra, 1 ming 131 ta loyiha amalga oshirilib, natijada xorijiy davlatlardan 90 ming boshdan ortiq naslli qoramol, 80 ming boshdan ortiq naslli qo‘y-echkilar olib kelindi.

E’tiborlisi, chet davlatlardan keltirilgan go‘sht yo‘nalishidagi tez yetiluvchan qoramollarning yangi zotlarini ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, Toshkent viloyatida ham bunday zotdor mollar parvarishlanayotir. Qolaversa, mayda shoxli mollarning zotini yaxshilash va mahsuldorligini oshirish maqsadida qo‘ylarning “Merinos”, “Romanov”, “Edilboy” va “Dorper” zotlari hamda echkilarning “Angor” va “Zanen” zotlari chet davlatlardan keltirilib, ularni bosh sonini yanada ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda.

Viloyat hududiy Chorvanasl markazi direktori Nodirbek Mahmudovning ta’kidlashicha, bugungi kunda viloyatda qoramolchilik, qo‘y-echkichilik bo‘yicha 617 ta xo‘jaliklar mavjud. Unda 86 ming boshdan ziyod chorva boqilmoqda. Davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoit va imtiyozlar tufayli joriy yilda 208 ta yangi loyihalarni amalga oshirish belgilangan. Buning natijasida qo‘shimcha ravishda yana joylarda 25 ming bosh qoramol parvarishlanib, 45 ming tonna qo‘shimcha go‘sht, 41 ming tonnadan ortiq sut mahsulotlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Bu yil chorvachilik xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish uchun 7 milliard so‘m subsidiya ajratildi. Bundan tashqari iyul oyidan boshlab tadbirkorlarning ishlab chiqargan mahsulotlari uchun ham mazkur imtiyozlar berilmoqda. Shuningdek, joylarda naslchilikni rivojlantirish borasida tizimli ishlar boshlangan. Xususan, hozir Oqqo‘rg‘on tumanida aholi xonadonidagi qoramollarning 75 foizi nasli yaxshilandi.

Seminarda sohadagi yangiliklar, mavjud muammolarni bartaraf qilish borasida fikr almashildi. Mazkur jarayonda viloyat hokimligi, sektor rahbarlari tomonidan amaliy ko‘mak berilmoqda. Tadbirkorlarning yangi loyihalarni amalga oshirish uchun kredit mablag‘larini ajratish, ozuqa-yem yetkazib berish uchun yer maydonlarini ajratib berish borisidagi muammolar yuzsidan mutaxassislar zarur huquqiy tavsiyalar berdi.

A.Musayev, O‘zA