Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlarning bojxona sohasidagi bilimlari oshirildi
16:55 / 2024-06-13

Ohangaron shahrida Bojxona qo‘mitasining Tadbirkorlikni qo‘llab- quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Pardayev, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi rahbari Qahramon Umarov boshchiligida bir guruh bojxona xodimlari tomonidan tadbirkorlar, eksportyor va qayta ishlash korxona rahbarlari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Savdo-sanoat palatasi va Soliq boshqarmasi mas’ul xodimlari ham mazkur jarayonda vakolati doirasida murojaatchilarga huquqiy ko‘mak berdi.  

Uchrashuvning asosiy maqsadi mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari uchun bojxona sohasida yaratilayotgan yengilliklar, qulayliklar, xususan. “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi, “Eksport uch qadam” tizimining afzalliklari to‘g‘risida xabardor etish, muammolarni esa joyida hal etishga alohida e’tibor qaratildi.  

Toshkent viloyati hududida ishlab chiqaruvchilar tomonidan joriy yilning 5 oyi davomida  35 ta tashkilot tomonidan og‘irligi 155,53 ming tonna, qiymati 81,56 million dollarga teng bo‘lgan tovarlar “qayta ishlash rejimiga” rasmiylashtirilgan. Shu bilan birga,  og‘irligi 112,72 ming tonna va 140,47 million dollarga teng bo‘lgan tovarlar qayta ishlashdan so‘ng eksportga olib chiqilgan.

Tadbir doirasida “Eksport uch qadamda” tizimi to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tildi.  

Bojxona sohasida eksport operatsiyalariga doir mazkur tashabbus aslida mart oyidan beri “Eksport” bojxona rejimida joylashtirilgan tovarlarni avtomobil transportida amalga oshirayotgan tashuvchilar uchun ishga tushirilgan.

Mutaxassislarning aytishicha, bugungi kunda to‘ldirilgan tranzit deklaratsiyasi chegara bojxona postiga taqdim etilgan holda tovarlar rasmiylashtiruvi chegara bojxona postining o‘zida amalga oshiriladi. Ushbu modul orqali o‘z navbatida vaqtning tejalishi va ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinishiga erishiladi.  

“Eksport uch qadamda” loyihasi, ayniqsa, tez buziluvchan meva-sabzavotlarni eksport qilishda tadbirkorlar uchun ma’qul kelyapti. Masalan, bugungi kungacha Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tasarrufidagi chegara bojxona postlarida aynan shu tizim orqali 155 ta deklaratsiya rasmiylashtirilgan bo‘lib, buning uchun o‘rtacha 15-20 daqiqa vaqt sarflangan. Bundan tashqari, o‘tgan 2 oy ichida viloyat tadbirkorlarining o‘rta hisobda 200-300 million so‘m xarajati o‘z yoniga qolmoqda.

Korxona mutasaddilari bilan o‘tkazilgan suhbat davomida sohaga oid taklif va fikrlar, mavjud muammolar o‘rganildi.

Bojxona xodimlari Angren erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan ishlab chiqarish korxonalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Mas’ullar tomonidan eksport va import jarayonlari haqida tadbirkorlarga tushuntirishlar berildi.  

A.Musayev, O‘zA muxbiri