O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsman) A.Bo‘riyev hamda Samarqand viloyat hokimligi mas’ullari samarqandlik tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv tadbirkorlarning muammolari va ularning faoliyatidagi to‘siqlarni bartaraf etish, yangi loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.

Tadbirkorlar o‘z faoliyatlarida duch kelayotgan dolzarb masalalar va to‘siqlar yuzasidan bevosita murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Istiqbolli biznes loyihalar va sohani rivojlantirishga qaratilgan fikr-mulohazalar atroflicha muhokama qilindi.

Muloqot davomida tadbirkorlarning bank, soliq, qurilish, majburiy ijro byurosi, kadastr va kommunal idoralar bilan 50 ga yaqin murojaati tinglanib, ularni qonuniy va tezkor hal etish bo‘yicha mas’ul shaxslarga tegishli ko‘rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Shuningdek, tadbirkorlarga soliq, bank va boshqa sohalar bo‘yicha qonunchilikdagi yangilik va o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar berildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA