Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlarning 212 ta murojaati ijobiy hal etildi
12:04 / 2022-01-20

– Har kuni tasdiqlangan grafik asosida tadbirkorlardan kelib tushgan muammolar tashkilot va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh bilan birga muhokama qilinib, joyida hal etish choralari ko‘rildi, – deydi Nukus shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi mudiri Ajiniyaz Qayratdinov.

– Qabulxonada tadbirkorlarni qabul qilish maxsus ishchi guruhi va shtab tarkibi tasdiqlangan. Ularga vakolatli organ vakillari biriktirildi. Qabulxonaga o‘tgan yil mobaynida 352 ta masala bo‘yicha 316 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 212 tasi qanoatlantirildi, 132 ta masalaga huquqiy tushuntirish berildi. 8 ta murojaat rad etildi. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 34 tasi mamlakatimiz, 175 tasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 143 tasi tuman miqyosida hal etiladigan masalalar hisoblanadi. Bular asosan bank kreditlari, yer, kadastr va arxitektura, qurilish, soliq, ruxsatnomalar, litsenziyalar va hujjatlar rasmiylashtirish, infratuzilma va boshqa masalalardan iborat. 

Jumladan, “Soglom oila soglom jamiyat” xususiy korxonasi murojaat etib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini boshlaganligi va ushbu faoliyatini kengaytirish maqsadida kerakli uskuna sotib olish maqsadida 245 million so‘m imtiyozli kredit ajratilishi uchun bankka onlayn ariza topshirgan. Lekin, bank tomonidan o‘z vaqtida kredit ajratilmayotganligidan norozi ekanligi bildirilgan. Ushbu murojaat Nukus shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasining sa’y-harakati bilan ijobiy hal qilindi. “Timur Anna” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 0,15 ga yer uchastkasiga qishloq xo‘jalik texnikalariga xizmat ko‘rsatish markazini tashkil etish rejalashtirilganligi, lekin arxitektura bo‘limi tomonidan tegishli ruxsatnoma berish ishlari kechiktirilayotganligi bildirilgan. Ushbu murojaat ham ijobiy hal qilingan.  

Fuqaro Manzura Yerniyazova go‘zallik saloni faoliyatini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlariga asosan 33 million so‘m kredit so‘rab, elektron tarzda arizalar bergan. Ariza bo‘yicha barcha tashkilotlar tomonidan ijobiy xulosa berilgan va bankka murojaat etilishi so‘ralgan. Lekin, bank tomonidan o‘z vaktida kredit ajratilmayotganligidan norozi ekanligi bildirilgan. Qabulxonaning sa’y-harakati bilan ushbu murojaat ijobiy hal qilindi. 

Qabulxonaga kelib tushgan murojatlarni ko‘rib chiqishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan vakolatli organlarga belgilangan tartibda takliflar kiritilib, mas’ul xodimlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi. Xususan, muddati o‘tgan va murojaatchilarga asossiz javob qaytarilgan murojaatlar bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga tegishli tartibda 6 ta taqdimnoma va taklif kiritilib, 8 ta xodimga “hayfsan” intizomiy chorasi ko‘rilgan. O‘tgan yil mobaynida Nukus shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tomonidan 354 ta tadbirkorlik sub’ekti ishtirokida 29 ta sayyor qabul tashkil etildi. Ushbu qabullarda tadbirkorlardan kelib tushgan murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etilishiga erishildi. Nukus shahri hokimi bilan qabul qilingan ko‘chma qaror asosida shaharda Tadbirkorlarning jamoatchilik kengashi tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda o‘z faoliyatini yuritmoqda. Jamoatchilik kengashi tarkibi faol tadbirkorlar, huquqshunoslar va jamoatchilikning boshqa vakillari orasidan saylab olib shakllantirildi. 

Tadbirkorlarning jamoatchilik kengashi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan yig‘ilishlarda qabulxonaga kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinib, tadbirkorlarni qiynayotgan masala va tizimli muammolar muhokama qilinmoqda. Bundan tashqari, tadbirkorlikni rivojlantirishga va chet el investitsiyalarini jalb etishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolar monitoring va tahlil qilinmoqda. Bu sohalardagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha muntazam takliflar tayyorlanib, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga kiritib borilmoqda. bugungi kunga qadar tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq va g‘ov bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha 73 ta taklif taqdim qilindi.  


Dovud Abibullayev, O‘zA