French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi takomillashtirilmoqda
18:12 / 2015-09-16

Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiyotdagi o‘rnini yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlik subyektlarining iqtisodiyotdagi o‘rnini yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Nukusda huquqni muhofaza qilish idoralari, nazorat qiluvchi va sud organlari vakillari, tadbirkor va fermerlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan “2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturini hayotga tatbiq etishda huquqni muhofaza qilish organlarining roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” mavzusidagi konferensiya-seminarda bu alohida qayd etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Xayrullayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori I.Polvonov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi roli va o‘rnini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishdagi to‘siq va cheklovlarga barham berish, xususiy sektorning samarali faoliyat yuritishi uchun yanada qulay iqtisodiy, huquqiy sharoitlar yaratishga qaratilayotgan e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 10 ming 700 dan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 49,6 foizni, xizmatlar ko‘rsatishda 55,1 foizni tashkil etmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan 16,1 million AQSh dollarilik mahsulot eksport qilindi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari aholi bandligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida ular tomonidan 12 ming 900 yangi ish o‘rni yaratildi. Sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida 258,2 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Bu ko‘rsatkich 2014-yilning shu davriga nisbatan 64,1 milliard so‘m ko‘pdir.

Tadbirda davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi farmoni, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga tushuntirish yuzasidan targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan g‘ov va cheklovlarni bartaraf etish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami va sifatini yanada oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

– Ayni kunlarda shahar va tumanlarda Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini o‘rganishga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Xo‘jamurat Qaypnazarov. – Mazkur farmon ijrosi va tadbirkorlarga yaratilayotgan soliq, bojxona va boshqa turdagi imtiyozlar ularning faoliyati samaradorligini oshirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turini kengaytirish va sifatini yanada yaxshilash, yangi asbob-uskunalar sotib olishiga imkon beradi.

Seminarda huquq-tartibot idoralari rahbarlari, soha mutaxassislari tomonidan tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlarning savollariga atroflicha javob qaytarildi.

Konferensiya-seminarda Qoraqalpog‘istogn Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Erniyazov so‘zga chiqdi.