Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammo hal etildi
17:13 / 2023-04-04

So‘ngi yillarda O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni yengillashtirish va rag‘batlantirish maqsadida eskirgan, zamon talabiga javob bermaydigan byurokratik to‘siq va g‘ovlar bekor qilindi. Ko‘rilgan choralar natijasida respublikada ishbilarmonlik muhiti yaxshilandi, tadbirkorlik sub’ektlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Shu bilan birga, joylardagi ijrochilar sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatidan to‘liq xabardor emasliklari natijasida yurtimizda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlari buzilishiga sabab bo‘lmoqda.  

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsmanga Farg‘ona viloyatida faoliyat olib borayotgan “FARIZA-I BILOL MASHRAB” xususiy korxonasining Farg‘ona viloyati IIB YHXB xodimlari xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozgan murojaati o‘rganildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 martdagi «Transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Respublika bo‘yicha «Texnik ko‘rik» avtomatlashtirilgan tizimi joriy qilinishi belgilangan.  

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan Nizomda Ichki ishlar vazirligi 2021 yil 1 iyulga qadar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda avtotransport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlariga axborot xavfsizligi talablarini inobatga olgan holda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining «Texnik ko‘rik» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kirish imkoniyatini yaratishi belgilangan. 

Biroq o‘rganish davomida xususiy korxonaga tegishli bo‘lgan yuk tashuvchi avtotransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun Farg‘ona viloyati IIB YHXB Qo‘shtepa tumani bo‘linmasi xodimlari tomonidan «Texnik ko‘rik» avtomatlashtirilgan axborot tizimi to‘liq ishga tushmaganligi sababli korxonaga tegishli avtotransport vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilmasdan kelingan.  

Natijada, mazkur xususiy korxonaning xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha eksport va import mahsulotlarini tashish bilan bog‘liq faoliyati to‘xtab qolgan.  

Yuqoridagilarga ko‘ra, Biznes-ombudsman tomonidan Ichki ishlar vazirligiga ushbu holatni o‘rganib, kerakli choralarni ko‘rish uchun taqdimnoma kiritildi.

Hozirda ushbu yo‘nalish bo‘yicha respublika hududida avtotransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi bo‘yicha murojaat qilgan tadbirkorlarga imkoniyatlar yaratildi.  

Farhod Ahmedov,  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti  

huzuridagi Biznes-ombudsman devoni mas’ul xodimi

O‘zA