Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlarga yangi va katta imkoniyatlar berilmoqda
10:48 / 2024-08-21

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazgan uchrashuvida tadbirkorlar tinch, erkin va farovon hayotimiz garovi ekaniga e’tibor qaratdi.

Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi  o‘rinbosari Qobil Tursunov mazkur uchrashuv bilan bog‘liq fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:  

– Davlatimiz rahbari tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratayotgani bejiz emas. So‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz qariyb ikki barobar o‘sdi. O‘tgan yil yakuni bo‘yicha bu o‘sish 6 foizni tashkil qildi. Tadbirkorlik sub’ektlarining soni 2 karra ko‘paydi, sanoatdagi o‘sish suratlari 40 foizdan oshdi, qisqa muddatda kambag‘allikni 2 barobardan ziyod qisqartirishga erishildi. Bunda tadbirkorlarning faolligi, ularning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani muhim o‘rin tutmoqda.  

Ayniqsa, kichik tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilash bo‘yicha qabul qilingan qaror va farmonlar, shuningdek, bu sohaga berilayotgan katta e’tibor natijasida 2019-2024 yillarning yanvar-iyun oylari davomida jami 290,6 mingta kichik korxona va mikrofirma yangidan tashkil etildi.  

Joriy yilning birinchi yarim yilligida tadbirkorlik sub’ektlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 47,5 foizni, sanoatda 28 foizni, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida 96,6 foizni, investitsiyada 48,7 foizni, qurilishda 72,2 foizni, xizmatlarda 46,6 foizni, eksportda 28,9 foizni hamda aholi umumiy daromadlari hajmida kichik tadbirkorlikdan olingan daromadlarning ulushi 55,8 foizni tashkil etayotgani ham yuqoridagi so‘zimizning yorqin ifodasidir.  

Dunyoda davom etayotgan murakkab iqtisodiy inqiroz, notinchliklar va ziddiyatlar fonida yuzaga kelayotgan oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishi muammolari ro‘y berayotgan bir paytda, milliy iqtisodiyotimizdagi ijobiy o‘zgarishlar barcha sohada olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning samarasidir.  

Hech bir rivojlanayotgan mamlakatlar tajribasida uchramaydigan voqelik – Prezidentimiz tomonidan har yili  tadbirkorlar bilan o‘tkaziladigan ochiq muloqot va unda bildiriladigan takliflar asosida tadbirkorlikka yanada keng sharoit va  yengilliklar yaratish, bu  borada muhim qarorlar qabul qilish doimiy tus oldi. 20 avgust – “Tadbirkorlar kuni” deb belgilandi.  

Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish bilan bog‘liq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjat mavjud.  Hujjatlarning nihoyatda ko‘pligi ularni amalda qo‘llashda qiyinchiliklarni keltirib chiqarar, tadbirkorlik sub’ektlarining asosli e’tirozlariga sabab bo‘lar edi.  

Shu bois ham tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish va tadbirkorlik faoliyatini huquqiy tartibga solishda zamonaviy tendensiyalardan keng foydalanilgan holda, mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etish, yangi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan to‘liq tartibga solish lozimligi hozirgi kunning talabi, desak mubolag‘a  bo‘lmaydi.    

Prezidentimiz tashabbusi bilan Tadbirkorlik kodeksini ishlab chiqish qariyb uch yil davom etdi. Tadbirkorlarning ham minglab takliflaridan, ilg‘or xorijiy davlatlarning sohadagi ilg‘or tajribalaridan foydalanildi.  

Yaqinda Senatning 55-yalpi majlisida  Tadbirkorlik  kodeksi senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. Kodeks bilan yuzdan ortiq qonunchilik hujjati, jumladan, 9 qonun unifikasiya qilindi.    

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan tadbirkorlar bilan muloqot davomida tadbirkorlarga yangi va katta imkoniyatlar berilishi alohida qayd etildi. Parlament rahbarlariga ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha qonun loyihalari kirishini kutib o‘tirmasdan, deputatlardan iborat guruhlar tuzib, hujjatlarni ishlab chiqishga tezroq kirishish topshirildi. Bu har birimizga taalluqli bo‘lib, bu yo‘nalishda faollik ko‘rsatishimiz zarur.  

Norgul Abduraimova,  

O‘zA