Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlarga soliq imtiyozlari taqdim etiladi
19:01 / 2025-07-14

Yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ularga soliq imtiyozlari berish, aholi bandligini kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Endilikda soha vakillariga yana bir qator soliq imtiyozlarini taqdim etish nazarda tutilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligini ta’minlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. 

Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan amaldagi 2 ta kodeks hamda 3 ta qonunga moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibini soddalashtirish, yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarishni rivojlantirish, yaylov xo‘jaliklarining moliyaviy ahvolini yaxshilash, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni soliqqa tortishga oid qonun hujjatlaridagi nomuvofiqlik holatlarini bartaraf etish, yengil sanoat va xizmatlar sohasini, ipoteka bozori va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va kreativ parkning rezidentlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan soliq imtiyozlarini taqdim etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. 

Yig‘ilishda qonun loyihasi bilan tovarlarni xalqaro tashishni tashkil etishda ko‘rsatilgan transport-ekspeditorlik xizmatlariga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasini qo‘llash, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash kooperativlari xodimlari uchun ijtimoiy soliq hamda daromad solig‘i stavkasini 1 foiz miqdorida belgilanishi mazkur soha rivoji uchun katta turtki bo‘lishi ta’kidlandi. 

Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasidagi normalar tadbirkorlikni rivojlantirish, raqobatni kuchaytirish, aholi bandligini ta’minlash hamda soliq tizimidagi adolatli yondashuvni amalga oshirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi. 

M.Komilova, O‘zA