Mamlakatimizda qulay biznes muhitini yaratish, nazorat qiluvchi organlar mas’uliyatini oshirish va tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Biznes-ombudsman tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish choralarini ko‘rib bormoqda.
Jumladan, Biznes-ombudsman devoni tomonidan avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlarining muammolari tahlil qilindi.
Amaldagi tartibga ko‘ra (Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 iyuldagi 636-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom), avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun maxsus litsenziya hamda har bir avtotransport vositasi uchun alohida litsenziya varaqasi olinishi lozim.
Biroq amaliyotda nazorat qiluvchi organlar tomonidan avtotransport vositasining litsenziya varaqasisiz harakatlanishi – faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish sifatida noto‘g‘ri baholangan. Oqibatda, tegishli faoliyat turi uchun litsenziyasi mavjud bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan og‘ir miqdordagi moliyaviy jarimalar qo‘llanilgan.
Mazkur huquqbuzarliklarni bartaraf etish maqsadida Biznes-ombudsman devoni tomonidan Transport vazirligiga taqdimnoma kiritildi. Vakil devoni xodimlarining bevosita aralashuvi va ko‘rilgan choralar natijasida 10 dan ziyod holatda tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanilgan 1,5 milliard so‘mdan ortiq moliyaviy jarimalar bekor qilinishi ta’minlandi.
Shuningdek, ta’kidlangan holatga imkon beruvchi sabablarni kelgusida bartaraf qilish maqsadida, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilib vakolatli organga taqdim qilindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA