Dunyoda o‘simliklarda uchraydigan 335 dan ortiq karantin organizmlari ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning yurtimiz hududiga kirib kelishi va boshqa davlatlarga o‘tib, tarqalishining oldini olish karantin inspektorlari oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
Toshkent shahar o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi chegara maskanlarida kuchaytirilgan tartibda nazorat tadbirlarini olib bormoqda. Toshkent xalqaro aeroporti chegara maskanida Koreya davlatidan hujjatlarsiz, noqonuniy kirib kelgan 24 ming dona qulupnay ko‘chati yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi. Shuningdek, chegara maskani inspektorlari tomonidan Koreya, Misr, Xitoy, Afg‘oniston va Turkiya davlatlaridan fuqarolar va tadbirkorlar nomiga kelgan karantin yuklari tekshirilib, ularning ham bir qismi to‘xtatib qolindi. Xususan, 187 kilogramm karantin osti yuklari talabga javob bermasligi aniqlandi. Ushbu yuklar karantin qonuni va nizomlariga asoslangan holda maxsus komissiya ishtirokida yoqib, yo‘q qilindi.
Toshkent shahar o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi boshlig‘i S.Hasanov boshchiligida inspeksiyaga qarashli chegara maskanlarida keng qamrovli nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Nazorat jarayonida O‘KCHM inspektorlarining faoliyati doirasida duch kelayotgan muammolari atroflicha o‘rganilmoqda, ularga fitosanitar nazorat bo‘yicha dolzarb ma’lumotlar berilmoqda.
Bosh agronom va hududiy inspektorlar karantin nazoratiga olingan issiqxonalarni doimiy ko‘zdan kechirmoqda. Ayni vaqtda olib borilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida mutaxassislar ushbu organizmlarning zararli oqibatlari haqida tadbirkorlarga tushuntirishlar bermoqda.
Shuni aytish kerakki, chet davlatdan keltirilgan har bir mahsulotning fitosanitar holati muhim hisoblanadi. Sababi, chetdan kirgan har bir mahsulot tarkibidagi zararkunanda boshqa hududga ham tarqalib, mamlakat iqtisodiyotiga zarar yetkazishi mumkin. Ayni kunlarda Toshkent shahar o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasiga qarashli 6 ta chegara maskanida kuchaytirilgan tartibda nazorat tadbirlari davom etmokda.
Sayyora Shoyeva, O‘zA