Ma’lumki, Biznes-ombudsmanning vazifasi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ushbu huquqlar hamda qonuniy manfaatlarga davlat organlari tomonidan rioya etilishi uchun kafolat berishdan iborat.
Shu kunlarda, Biznes-ombudsman respublikamiz bo‘ylab tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Xususan, Jizzax viloyatida Biznes-ombudsman devoni, Jizzax viloyat hokimligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi hamkorligida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda Sharof Rashidov, Paxtakor, Forish, Zomin, G‘allaorol, Zarbdor, Yangiobod, Baxmal tumanlari va Jizzax shahridan 700 nafarga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.
Tadbirda davlatimiz rahbarining Davlat soliq qo‘mitasiga tashrifi doirasida berilgan topshiriqlari asosida tadbirkorlarga soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, tadbirkorlarning yangi dastur va soliq tizimidagi o‘zgarishlar yuzasidan savollari tinglanib, ular bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Barcha hududlarda davom etayotgan mazkur tadbirlar mamlakatimizda elektron xizmatlar qamrovini oshirish hamda to‘g‘ri soliq tizimi orqali tadbirkorlarning o‘z faoliyatini halol olib borishiga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA