Navoiy viloyatida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida tadbirkorlar bilan sayyor uchrashuvlar davom etmoqda.
Joriy yilning 18-yanvar kuni davlatimiz rahbari huzurida 2024-yilda investitsiya, eksport va xalqaro hamkorlik sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda hududlarda bojxona organlariga oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish borasida bir qator vazifalar yuklangan edi.

Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Yusupov Karmana va Navbahor tumanlarida faoliyat yuritayotgan “KIF TRADE 21”, “PURE NATURE OILS”, “SAROY UNI”, “SIREN” MCHJlarida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari bilan yaqindan tanishiib. ularning muammolari o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan muammoli holatlar bartaraf etilishida amaliy yordam berildi. O‘rganishlar davomida “PURE NATURE OILS” va “SAROY UNI” MCHJlar rahbarlariga “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidan foydalanilganda bojxona to‘lovlari undirilmasligi yuzasidan tushuntirishlar berilib, ushbu rejimdan foydalanish korxona moliyaviy ahvoliga ijobiy o‘zgarishlar olib kelib, ortiqcha harajatlarning oldini olishi ma’lum qilindi.
– Korxonamizda “O‘simlik yog‘i ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi” amalga oshirilmoqda, – deydi “PURE NATURE OILS” MCHJ rahbari Quvondiq Nurillayev.

– Loyihaning umumiy qiymati 64 milliard so‘m bo‘lib, uning 40 milliard so‘mi o‘z mablag‘imiz, qolgan 24 milliard so‘mi bank krediti hisoblanadi. Agarda faoliyatimiz to‘liq yo‘lga qo‘yilsa, yiliga 9 ming tonna mahsulot ishlab chiqariladi. Bu esa korxona 5-yil ichida o‘zini-o‘zi qoplaydi, deganidir. Hozir loyihaning biznes-rejasi ishlab chiqilgan.
Texnologik uskunalar to‘liq import qilingan va qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, korxona mas’ullari bilan uchrashuvlar davomida bojxona sohasida yaratilayotgan qulayliklar va amaldagi bojxona imtiyozlari yuzasidan tushunchalar berilib, bojxona yo‘nalishidagi masalalar bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri