Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy yil 15 may kuni kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash ishlarini yangi pog‘onaga olib chiqish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda mazkur sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar belgilab berildi.
Ta’kidlash kerakki, so‘nggi uch yilda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha alohida tizim joriy qilinib, moliyaviy instrumentlar, infratuzilma masalalari hal qilindi. Tumanlar 5 toifaga ajratilib, har bir toifadagi tumanlar sharoitiga qarab yengilliklar berildi. Har yili oilaviy tadbirkorlikka 13 trilllion so‘m kredit va 1,5 trilllion so‘m subsidiyalar ajratilmoqda.
O‘tgan yil bir million, joriy yilning birinchi choragida 210 ming aholi kambag‘allikdan chiqarildi. Mahallalarda tashkil etilgan uchta daftar va Ijtimoiy himoya reyestri orqali 2 million 300 ming muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan vatandoshlarimiz moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olinadi.
Xususiy sektorda yiliga 200 mingta bo‘sh ish o‘rinlari yaratilmoqda. Har yili 100 mingta zamonaviy korxona ishga tushmoqda. Ularga 300-400 ming malakali mutaxassis kerak. Shuningdek, xususiy sektorda yiliga 200 mingta bo‘sh ish o‘rni paydo bo‘lmoqda. Lekin hozirgi kunda kasb-hunar maktablari, kollej, texnikumlar va monomarkazlar buncha malakali mutaxassisni tayyorlashga salohiyati yetmayotgani qayd etildi.
Oxirgi besh yilda tadbirkorlar soni 285 mingtadan 590 mingtaga ko‘paygani, bu esa tumanlarga taqsimlanganda har bir tumanga 2,5 mingtadan ortiq yoki bir mahallaga 50 nafardan tadbirkor to‘g‘ri kelayotgani tahlil qilindi. Selektor yig‘ilishida joylarda tadbirkorlar bilan manfaatli hamkorlik qilinib, ular qo‘llab-quvvatlansa, mahallalarda bandlik masalasini hal qilish uchun imkoniyatlar yanada kengayishi mumkinligi ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda har yili kasb-hunarga o‘qitishga 200 milliard so‘m mablag‘ ajratilayotgani, ammo bu mablag‘lar tadbirkorlik sub’ektlarining mutaxassislariga ehtiyoji bilan bog‘lanmagani ko‘rsatib o‘tildi. Buning natijasida tadbirkor katta xarajat qilish orqali mutaxassislar tayyorlashiga to‘g‘ri kelayotganligi, buning uchun esa tadbirkorga davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlov kerakligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari aholi bandligini ta’minlash va malakali mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida tadbirkorlarga yanada keng imkoniyatlar yaratish va moliyaviy rag‘batlar taqdim etish zarurligini qayd etdi. Shu maqsadda 1 iyundan boshlab “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirilishi, 2023-2024 yilarda ushbu dasturga jami 1 milliard dollar ajratilishi ta’kidlandi.
Bu mablag‘lar hisobidan kambag‘al oilalar a’zosini kasbga o‘qitib, ishli qilish bo‘yicha loyiha ahamiyatiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit berilishi va tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish va jihozlash hamda kasbga o‘qitish xarajatlari to‘liq qoplab berilishi aytildi. Ahamiyatli tomoni shundaki, 5 million so‘mgacha ish haqi to‘layotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga kamaytirildi.
So‘nggi paytlarda xorijiy tajribalar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yig‘ilishda Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshirilib, eng yuqori natijalarga erishayotgan hokim yordamchilarining 200 nafarini amaliyot o‘tashga yuborish vazifalari ham qo‘yildi. Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshirilishi, bunda kambag‘allik yuqori bo‘lgan tumanlarda yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga e’tibor qaratilishi ham qayd etildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan aholi bandligiga alohida e’tibor qaratilayotgani bejizga emas.Chunki insonlarni rozi qilish va ularga munosib turmush sharoitini yaratish davlatning muhim vazifasi ekanligi yaqinda qabul qilgan yangi Konstitutsiyada ham kafolatlab qo‘yildi. Bu, albatta, kelgusida o‘z natijasini berishiga ishonamiz.
Parlament vakillari ham ushbu islohotlar ijrosini ta’minlashda o‘z vakolatlaridan foydalanmoqda. Parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatish, joylarda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlarining holati va ajratilayotgan subsidiya mablag‘larining maqsadli sarflanayotganligini nazorat qilish biz xalq vakillari oldida turgan muhim vazifadir.
Mavjuda Hasanova,
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA