Navoiy viloyati bojxona boshqarmasida “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi targ‘iboti, ushbu dastur doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda viloyatda faoliyat ko‘rsatuvchi tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari va bojxona boshqarmasi xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A.Rahmonov hamda mas’ul bo‘lim boshliqlari so‘zga chiqib, mamlakatimizda keyingi yillarda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganligi, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganligini ta’kidladi. Shuningdek, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar, ularning mazmun-mohiyati haqida batafsil tushuntirish berildi.
– Joriy yil 1 iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirila boshlandi, – dedi bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A.Rahmonov. – Dastur doirasida 2023-2024 yillarda jami 1 milliard dollar ajratiladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan kambag‘al oilalar a’zosini kasbga o‘qitib, ishli qilish bo‘yicha loyiha ahamiyatiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi. Bundan tashqari, dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan, kamida 20 foiz kambag‘al oila a’zosini bir yil davomida ish bilan ta’minlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi. Kambag‘al oila a’zosi daromad solig‘idan ozod qilinsa, 5 million so‘mgacha ish haqi to‘layotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga kamaytiriladi.

Shuningdek, dasturda ishtirok etayotgan tadbirkorlarga bojxona rasmiylashtiruvi paytida “yashil yo‘lak” tartibi qo‘llanilishi, dasturga kirgan tadbirkorlarga esa infratuzilma, yer va bino-inshootlar bilan ta’minlashda qo‘shimcha yengilliklar beriladi.

– Dasturga asosan, bojxona to‘lovlarini ta’minotsiz va foizsiz muddatlarga bo‘lib to‘lash huquqi beriladi. Jumladan, 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlar 3 oy muddatda, 101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlar 6 oy muddatda, 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratadigan tadbirkorlar 12 oy muddatda bojxona to‘lovlarini bo‘lib to‘lashlari mumkin, – deydi A.Rahmonov.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar bojxona rasmiylashtiruvi, bojxona qonunchiligi borasida muammolar, ularni hal qilish borasidagi taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA