Mamlakatimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mazkur yo‘nalishda Andijon viloyatida ham qator tashkilotlar hamkorligida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Andijon viloyatidagi yillik tovar aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshgan 94 ta yirik tadbirkorlik sub’ektining har biriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlari huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – Biznes-ombudsman devonining viloyatdagi vakili, Savdo-sanoat palatasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, soliq, bojxona boshqarmalari va boshqa qator tashkilotlarning rahbar xodimlari biriktirilgan bo‘lib, ular tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarning hal etilishiga amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
– Masalan, Andijon shahridagi “Uz-Koram Kompani” MCHJning importga oid shartnomalar doirasida tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha tovarlarga oid ma’lumotlar yagona elektron axborot tizimida aks ettirilmaganligi natijasida noto‘g‘ri debitor qarzdorlik hisoblangan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Andijon viloyatidagi sho‘’basi mas’ul xodimi Nodirbek Tojiboyev. – Yuqoridagi tashkilotlar vakillaridan iborat Ishchi guruh ushbu masalani o‘rganib, ko‘rsatilgan amaliy yordam tufayli korxonadagi muammo bartaraf etildi.
Shuningdek, “Khantex Agro Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Turkiya davlatidan olib kelgan 276 million AQSH dollariga teng narxdagi paxta maydonlarini sug‘orishga mo‘ljallangan “Tomchilatib sug‘orish tizimi” uskunasi ayrim sabablarga ko‘ra, ma’lum vaqtdan buyon bojxona omborida qolib kelayotgan edi. Berilgan amaliy ko‘mak va maslahatlar bilan belgilangan to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik tugatilib, yakuniy bojxona rasmiylashtiriluvi ta’minlandi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlariga biriktirilgan va mas’ul idoralar vakillari tomonidan viloyatdagi yirik tadbirkorlar bilan muloqot va uchrashuvlar doimiy ravishda o‘tkazib borilmoqda. Ana shu uchrashuvlarda tadbirkorlarning mavjud muammolari, takliflari eshitilmoqda, ularga zarur yordamlar ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari