French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlarga 9 oyda 1,4 trillion so‘mlik keshbek qaytarilgan
09:27 / 2025-12-16

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining joriy yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida barqaror iqtisodiy o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda. Xususan, o‘tgan to‘qqiz oyda yalpi ichki mahsulot hajmi 7,6 foizga, bozor xizmatlari 14, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,8, qurilish ishlari 14,2 va qishloq xo‘jaligi 4,1 foizga o‘sgan.

Hisobot davrida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” loyihasi doirasida 1 ming 24 ta mahallada obodonlashtirish ishlari, suv va elektr ta’minotida muayyan choralar amalga oshirilgan.

Shuningdek, “Tashabbusli byudjet”ning 2 ta mavsumida 50 mingta loyiha shakllantirildi. 6,6 trillion so‘mlik 4 ming 774 ta loyiha g‘olib deb topildi. Ushbu loyihalarning 46 foizi ichki yo‘llar, 21 foizi maktablarni ta’mirlash bilan bog‘liq. Birinchi mavsumda 737 ta mahalla loyihalari ilk marta g‘olib deb topilgan. Birinchi mavsum uchun 2 trillion 715 million so‘m mablag‘ loyiha pudratchilariga o‘tkazib berilgan. 

Deputatlar partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasida byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.  

Ta’kidlanganidek, tadbirkorlar uchun joriy yilning to‘qqiz oyida qo‘shilgan qiymat solig‘idan manfiy farqni qoplash uchun soliq to‘lovchilarga 18,1 trillion so‘m miqdoridagi tushumlar, shuningdek 1,4 trillion so‘m miqdoridagi keshbek summalari qaytarib berilgan. Shuningdek, jarimalar soni va miqdorlari qisqartirilayotgani, byudjetdan subsidiyalar taqdim etilayotgani, soliq imtiyozlari berilayotgani tadbirkorlik faolligini oshirish uchun imkoniyatlar sifatida baholandi.

Qizg‘in savol-javob va muhokamalardan so‘ng Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining joriy yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot ma’qullandi.

Muhtarama Komilova, O‘zA