O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va soliq yukini yengillatish maqsadida qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ning bir qismi muayyan sohalardagi korxonalarga qayta to‘landi.
Bu, ayniqsa turizm, umumiy ovqatlanish va chorvachilik hamda parrandachilik kabi qishloq xo‘jaligi sektorlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, joriy yilning 23 dekabr holatiga ko‘ra jami 71,8 milliard so‘m QQS taqsimlandi.

Bu mexanizm likvidlikni oshirish, rentabellikni yaxshilash va soha rivojiga moliyaviy rag‘bat berish maqsadida joriy qilingan. Masalan, chorvachilik va parrandachilikda QQSning 50 foiz qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qayta to‘lanadi, bu sohada investitsiya jalb qilish va ishlab chiqarishni kengaytirish imkonini beradi.
Ekspertlar ta’kidlashicha, QQS qaytarilishi bir qator ijobiy ta’sirlarga ega. QQSni qisman qaytarish choralari davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi, investitsiya muhitini yaxshilaydi va mamlakatning xalqaro iqtisodiy maydonda raqobatdoshligini oshiradi. Bu mexanizm iqtisodiy o‘sishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida baholanmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA