Munosabat
Ma’lumki, yurtimizda aholi bandligini ta’minlash, ularga munosib turmush sharoitlarini yaratib berish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Shu bois, har yili aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha tasdiqlangan dasturlarni amalga oshirish, bo‘sh va kvotalanadigan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish mexanizmlarini takomillashtirish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda.
Xususan, aholining ishchanlik faolligi va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish, ijtimoiy zaif qatlamlar bandligini ta’minlash bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati, sifati va tezkorligini oshirishga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Manzilli ishlar natijasida kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushirildi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida 2026 yilga qadar kambag‘allikni 2022 yilga nisbatan 2 barobarga, 2030 yilga qadar esa keskin qisqartirish, kambag‘allikka tushish xavfi mavjud bo‘lgan 4,5 million aholi daromadini oshirish maqsad qilingan.
Shuningdek, mehnatga layoqatli aholi, shu jumladan, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning barqaror va samarali bandligini ta’minlash orqali ishsizlik darajasini 7 foizgacha tushirish, 2 million nafar fuqaroni kasb-hunar, tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillarga o‘qitish reja qilingan. Kasbga o‘qitish markazlaridagi 1,6 ming nafar o‘qituvchining xalqaro standartlar asosida malakasini oshirish, bu jarayonda xususiy sektor ulushini 30 foizga yetkazish belgilangan.
Albatta, belgilangan rejalarga erishishda aniq maqsad va harakatlar muhim rol o‘ynaydi. Shu bois, kuni kecha davlatimiz rahbari boshchiligida mutasaddi rahbarlarning aholi bandligini oshirish hamda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirishga oid takliflari ko‘rib chiqildi.
Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda yurtimizda ishsiz aholi soni 1 million 300 ming nafarni tashkil qilmoqda. Bu yil yana 2 million 400 ming aholi mehnat bozoriga kirib kelishi kutilyapti. Shularni inobatga olib, sifatli va yuqori daromadli ish o‘rinlari hisobiga joriy yilda 5 million aholining bandligini ta’minlash maqsad qilingan.
Jumladan, xizmatlar sohasida 2,5 million, qishloq xo‘jaligida 2,1 million, investitsiya loyihalari va sanoatda 250 ming, qurilishda 140 ming ish joyi yaratish imkoniyati bor. Bundan tashqari, zamonaviy moliyaviy instrumentlar, jumladan, mikromoliyalashning yangi tizimini keng joriy qilish orqali 2 million aholini biznesga jalb qilish ko‘zda tutilmoqda. Aholining biznes va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilinishi esa, yana yuzlab qo‘shimcha ish o‘rnilari yaratish imkonini beradi.
Shu bois, yig‘ilishda keyingi yillarda o‘zini o‘zi band qilgan 2 million 400 ming aholining faoliyatini kengaytirish, bosqichma-bosqich kichik biznesga o‘tkazish va bozor topishiga ko‘maklashish, buning uchun “Mening biznesim” platformasi, “Biznesga birinchi qadam” bank kartalari joriy etilishi ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, iqtisodiy aylanmaga kiritilmagan yerlar infratuzilmaga ulanib, “Agregator” tizimi asosida “100 ming eksportchi dehqon” dasturi joriy qilinadi. Buning uchun 2024 yilda 15 ming gektar yer maydonlari auksionga chiqariladi. Qishloq xo‘jaligida yaratilayotgan har bir ish o‘rni va o‘zlashtirishga kiritilgan har bir sotix yer maydoni faqatgina aholi bandligini ta’minlab qolmasdan, bozorlar to‘kin sochin bo‘lishi, iqtisodiy barqarorlik rivojlanishiga ham munosib hissa qo‘shadi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, kambag‘allik darajasini qisqartirish va aholi bandligini ta’minlashda tadbirkorlik sohasining rivojlanishi muhim omil sanaladi. Shu bois, keyingi yillarda aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yaxshilash maqsadida 30 ga yaqin turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi, 70 dan ziyod davlat xizmatlari soddalashtirildi, davlat tashkilotlari tomonidan 60 dan ortiq hujjatlarni talab qilish bekor qilindi.
"Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da ham ushbu tashabbuslar davom ettirilib, tadbirkorlardan olinadigan 34 turdagi hisobotlar bekor qilinmoqda. Buning natijasida har yili 21 mingdan ortiq tadbirkorning 500 million so‘m xarajati tejaladi. Shuningdek, tadbirkorlarga majburiy talablarni qisqartirish maqsadida 16 ta litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi.
Umuman olganda, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” aholi turmush farovonligini yuksaltirish, yurtimizning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar amalga oshirilishida muhim fundamental yil bo‘lib qoladi.
Muzafara ABDIEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA