Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlardan nobudgarchilik to‘lovlari undirilyaptimi? –Vazirlik bayonot berdi
11:57 / 2025-11-11

Ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda auksion orqali qonuniy ravishda yer uchastkasini sotib olgan fuqarolar va tadbirkorlardan “qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi” uchun qo‘shimcha mablag‘ undirilayotgani haqida fikr-mulohazalar bildirilgan. Ushbu holat yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi rasmiy bayonot berdi.

Bayonotda ma’lum qilinganidek, ushbu to‘lov turi Vazirlik yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan ixtiyoriy joriy etilmagan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi 146-son qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom” talablaridan kelib chiqadi.

Yer kodeksining 28- va 87-moddalariga muvofiq, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon fondi yerlarini qishloq xo‘jaligiga aloqador bo‘lmagan maqsadlarda foydalanish uchun ajratish holatlarida ushbu yerlar tarkibidagi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining yo‘qotishlari uchun belgilangan tartibda kompensatsiya to‘lovi amalga oshirilishi shart.

Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 18-bandiga asosan, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari quyidagi holatlarda aniqlanadi va qoplanadi:

– qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi yerlarini qishloq xo‘jaligiga aloqador bo‘lmagan maqsadlarda ajratish;

– ob’ektlar atrofida muhofaza, sanitariya va himoya zonalari belgilanishi natijasida yerlar aylanmadan chiqishi;

– yuridik va jismoniy shaxslar faoliyati natijasida yer sifati yomonlashishi.

Nizomning 21-bandiga ko‘ra, ushbu to‘lovlardan sug‘oriladigan yerlar uchun hisoblangan mablag‘ning 90 foizi, lalmi, bo‘z, pichanzor va yaylov yerlar uchun esa 95 foizi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar vazirlik yoki uning hududiy tuzilmalari ixtiyorida qolmaydi, balki davlat hisoblariga o‘tkazilib, yer resurslarini tiklash, muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida sarflanadi.

Nizomning 22-bandida belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘rmon xo‘jaligi agentligi hamda ularning hududiy boshqarmalari tomonidan ushbu mablag‘larning o‘z vaqtida tushishi, hisobga olinishi va qonunchilikda belgilangan tartibda yo‘naltirilishi ta’minlanadi.

Shu sababli vazirlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan nobudgarchilik to‘lovlarini undirish faqat amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Bu jarayon tadbirkorlik faoliyatiga sun’iy to‘siq yoki ortiqcha yuk yaratish uchun emas, balki yer resurslaridan oqilona va mas’uliyatli foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.

Shuningdek, bayonotda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tadbirkorlar manfaatlarini hurmat qilishi, ular bilan ochiq muloqotga tayyor ekani ma’lum qilingan.  

Muhtarama Komilova tayyorladi.

O‘zA