Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining sud orqali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha mavjud cheklovlarni olib tashlash hamda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishdagi ayrim majburiy talablarni qisqartirishga qaratilgan.
Qonun bilan Soliq kodeksiga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlari ustidan tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilishiga doir cheklovlarni bekor qilishni hamda sudga shikoyat qilish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, “Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida”, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida” va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya kilish to‘g‘risida”gi qonunlarga tadbirkorlik sub’ektining ustav fondi (ustav kapitali)ni kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqda e’lon berish talabi bekor qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun tadbirkorlik sub’ektlari zimmasiga ortiqcha xarajatlar va majburiyatlar yuklatadigan ayrim byurokratik tartib-taomillar bekor qilinishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA