“Toshkent viloyati – biznes uchun cheksiz imkoniyatlar hududi” biznes-forumining amaliy qismi viloyatning boshqa hududlarida ham tashkil etildi. Jumladan, Toshkent shahrining Sergeli, Mirobod va Yunusobod tumanlarida faoliyat yuritayotgan bir guruh tadbirkorlar Bo‘stonliq tumanida bo‘ldi.
Xususan, Bo‘stonliq tumani hokimi va mas’ullar tadbirkorlar bilan birga sanoat zonasiga kelib, ularga yaratilgan imkoniyatlar, mavjud infratuzilma, yangi investitsiya loyihalari uchun ajratilgan yer maydonlari hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Uchtepa va Shayxontohur tumanlari tadbirkorlari Zangiota tumanidagi “OSTIM GLOBAL” o‘zbek-turk sanoat klasterida kutib olindi. Uchrashuv davomida hududlar o‘rtasida ishlab chiqarish quvvatlarini birlashtirish, xizmat ko‘rsatish sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Yashnobod tumani tadbirkorlari esa Piskent tumanidagi mavjud imkoniyatlarni borib ko‘rdi. Jumladan, ular tumandagi Paxta tozalash zavodi, G‘ayrat mahallasidagi chorvachilik fermasi, Mustaqillik mahallasidagi sobiq kollej binosi hamda mavjud bo‘sh yer maydonlari loyihalari bilan tanishdi. Tadbirkorlar Piskent tumanidagi infratuzilma imkoniyatlari va bo‘sh yer maydonlaridan samarali foydalanish masalalari yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdi.

Mirobod tumani hokimligi mutasaddilari va tadbirkorlari esa Parkent tumanida bo‘lib, biznes uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud loyihalar va resurslar haqida batafsil ma’lumot oldi. Parkentning turizm salohiyati mehmonlarda, ayniqsa, katta qiziqish uyg‘otdi.

Chirchiq shahrida Yunusobod va Sergeli tumani tadbirkorlari ishtirokida loyihalar taqdimoti bo‘ldi. Jumladan, “A.Yassaviy” mahallasida joylashgan 12 gektar bo‘sh yer maydonida zamonaviy savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar ob’ektlar qurish, Kamolot mahallasidagi eski garajlar o‘rnidagi 5 gektar maydonda zamonaviy savdo va turar joy majmuasi barpo etish, shuningdek, Bo‘zsuv kanalining “Nur”, “Mirzag‘olib” va “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘inlaridan oqib o‘tuvchi qismlari bo‘yida “Gavjum va jozibador ko‘cha” majmualarini tashkil etish kabi loyihalar shular jumlasidan.
O‘zaro muloqotlar davomida tomonlar kelgusi rejalarni muhokama qildi.

A.Musayev, O‘zA.