Prezident raisligida xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yil yakuniga qadar rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish davom etmoqda.
Yig‘ilishda tadbirkorlar xizmatlar sohasida asosan 3 ta masala – yer, bino va infratuzilma bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
So‘nggi ikki oyda 23 mingdan ziyod yer maydonlari savdoga chiqarildi, shundan 12 mingtasi yoki 60 foizi xizmat ko‘rsatish joylarini tashkil etish uchun qo‘yilgan.
Bunda, 63 ta tuman va shaharda auksionga qo‘yilgan yer uchastkalarining soni 100 tadan ko‘p bo‘lsa, 27 ta tumanda 10 taga ham yetmaydi.
Misol uchun, Navoiy, Shahrisabz, Qo‘qon, Xiva, Urganch shaharlari, Toshkent, Bo‘stonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlarida savdoga qo‘yilgan yerlar soni 10 tadan oshmaydi.
Shu bois, faoliyatida sustkashlikka yoʻl qoʻygani uchun Navoiy, Shahrisabz, Qoʻqon shaharlari, Boʻstonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlari hokimlariga nisbatan oxirgi marotaba hayfsan berish, ushbu tuman va shahar hokimlarining qurilish boʻyicha oʻrinbosarlarini lavozimidan ozod etishga koʻrsatma berildi.
O‘zA