Yurtimizda tadbirkorlarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etish sifati va tezkorligini oshirish, ular bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni ta’minlash, ularning qonuniy talablarini amaliy va samarali ro‘yobga chiqarish va muammoli masalalarni hal etishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini kechayu kunduz qabul qilish, hal etish va ushbu jarayonlarni nazorat qilish, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni shakllantirish, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tadbirkorlik sub’ektlarining jamoaviy murojaatlarini qabul qilish maqsadida “TADBIRKORLAR VIRTUAL OFISI” axborot portali faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
– 2024 yilda mazkur axborot portaliga Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan 901 ta masala yuzasidan 803 ta murojaat kelib tushdi, – deydi Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Samarqand viloyat shu’basi yetakchi inspektori Abrorjon Ibragimov. –Bu murojaatlarning 18 foizi bank va kredit, 13 foizi soliq, 7 foizi yer va kadastr, 7 foizi infratuzilma masalalariga oid bo‘ldi. Murojaatlarning 18 foizi Samarqand shahridan, 10 foizi Urgut tumanidan, 8 foizdan Payriq va Pastdarg‘om tumanlaridan, 7,5 foizdan Ishtixon va Paxtachi tumanlaridan, 7 foizi Kattaqo‘rg‘on tumanidan bo‘ldi.
Ushbu murojaatlar asosida tadbirkorlarga 4,9 milliard so‘m kredit ajratilishida, 867,4 million so‘m pul mablag‘lari undirilishida, 2,8 milliard so‘m soliq summalari hisobdan chiqarilishida, 562 million so‘m noqonuniy hisoblangan jarima va boshqa ta’sir choralari bekor qilinishida yordam ko‘rsatilgan.
“TADBIRKORLAR VIRTUAL OFISI” axborot portali orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati ustidan Biznes-ombudsman tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, o‘tgan yil mas’ul idora va tashkilotlar tomonidan 39 ta murojaatni ko‘rib chiqishda belgilangan muddatlarga rioya qilinmaganligi aniqlandi. Natijada 23 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy, 3 nafar mansabdor shaxsga nisbatan esa intizomiy jazo choralari ko‘rilishi ta’minlandi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri