Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar va ishsiz yoshlarga koʻmak berilmoqda
19:55 / 2020-06-22

Mamlakatimizda soʻnggi paytlarda kambagʻallikni qisqartirish, bu borada aholi orasida tadbirkorlik muhitini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.


Mamlakatimizda soʻnggi paytlarda kambagʻallikni qisqartirish, bu borada aholi orasida tadbirkorlik muhitini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ushbu yoʻnalishda qishloq aholisini ish bilan taʼminlash, ularning yerdan unumli foydalanishlariga yaqindan koʻmaklashilayotgani yaxshi samara berayotir.

Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida ham pandemiya davrida xorijda ishlab, yurtimizga qaytgan yoshlar va oʻz ish oʻrnini yoʻqotgan aholi roʻyxati shakllantirildi.

“Har bir yoshga – bir gektar” loyihasi doirasida Farovon mahallasi hududidan 21 gektar yer maydoni 21 nafar yoshga ajratib berilgan edi. Ushbu yer maydonida parvarishlanayotgan dukkakli, poliz va sabzavot ekinlari ayni paytda koʻrgan koʻzni quvnatadi. Yangiyoʻl mahallasida esa 15 gektar yer maydonidan iborat ishlab chiqarish birlashmasi (kooperatsiya) tuzildi. Ushbu kooperatsiya tarkibida “Oʻrta Chirchiq Yoshlar bogʻi” tashkil etilib, pandemiya davrida tuman mehnat bozorida ishsiz boʻlgan 20 nafar yosh uchun ajratildi.

“Kim Pen Xva” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Mirsaid Inomov 2016-yilda tumandagi Agrosanoat kasb-hunar kollejini tamomlab, ayrim oilaviy sabablar tufayli oʻqishini davom ettira olmadi. Roʻzgʻor tashvishi bilan mana bir necha yildan beri mavsumiy ishlar bilan shugʻullanib keladi.

– Doimiy ishim yoʻqligi sababli Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman boʻlimiga murojaat qildim, – deydi M.Inomov. – Shundan soʻng Farovon mahallasi hududidan 1 gektar yer maydoni 10 yilga foydalanishim uchun ajratib berildi. Bu yerga qovun, tarvuz va loviya ekdim. Menga ajratilgan yer soliqlardan ozod qilingani hosildan koʻproq daromad olishimga imkon beradi.

photo_2020-06-22_19-52-32.jpg

Ayni kunlarda kambagʻallikni qisqartirish hamda aholini doimiy ish bilan taʼminlash maqsadida tumandagi vaqtincha ishsiz boʻlgan, kam taʼminlangan oilalar hamda yoshlarga gʻalladan boʻshagan 1 ming 395 gektar yerdan kuzgi ekin uchun 1 gektardan ajratib berilmoqda. Yerni ekinga tayyorlash va urugʻ olishga imkoni boʻlmagan yoshlarga tuman hokimligi tomonidan xomiylik yordami koʻrsatilmoqda. Xususan, “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi 26 yoshli Saodat Abdumannopovaga ham hududda faoliyat yuritayotgan “Izzatilla Agro” fermer xoʻjaligining gʻalladan boʻshagan maydonidan 1 gektar yer ajratildi. Eʼtiborlisi, fermer yoshlarga bosh boʻlib, ularga qoʻldan kelgancha yordam beradi.

– Oilada 4 nafar farzandmiz, – deydi S.Abdumannopova. – Onam asosiy boquvchimiz boʻlgani uchun yordam berish maqsadida mavsumiy ishlar bilan shugʻullanar edim. Mana saxovatli insonlarning yordami bilan oʻz yerimga ega boʻldim. Bundan juda xursandman. Avvallari bu orzu edi. Endi oilamiz bilan takroriy ekinlarni ekishni boshlaymiz. Mehnat qilib, oilasiga yordam beradigan men kabi yoshlarga bu kabi yaratilayotgan sharoit juda muhim.

Bundan tashqari, hozir tumanda ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga yordam berish va aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etish borasida barcha sektorlar tomonidan tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, 108 tadbirkorlik subyekti faoliyatiga sanitariya talablariga rioya etgan holda ruxsat berish orqali 263 ish oʻrni qayta tiklandi. Kam quvvatda ishlayotgan sanoat korxonalarining 87 tasi toʻliq quvvatga oʻtkazilishi natijasida 307 nafardan ortiq aholi ish oʻrni saqlandi.

Umuman olganda, bunday chora-tadbirlarni belgilangan talablar asosida yana-da rivojlantirish boʻyicha tizimli saʼy-harakatlar olib borilmoqda.