O‘zbekiston iqtisodiyotida sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash va monopoliyaning salbiy ta’sirlarini cheklash davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Ana shu maqsadda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida “Monopoliyaga qarshi qonunchilik va unga amal qilish” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Seminar “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 114-son qarori ijrosini ta’minlash doirasida o‘tkazildi. Unda Raqobat qo‘mitasi va Toshkent davlat yuridik universiteti mutaxassislari ishtirok etdilar.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad monopoliyaga qarshi qonunchilikning muhim jihatlari bilan tanishtirish, davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda "Komplayens nazorat" tizimini joriy etish ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.

Seminar davomida raqobat qonunchiligiga amal qilish, komplayens tizimini joriy etishning ahamiyati atroflicha yoritildi. Yakunda ishtirokchilar o‘z faoliyatlarida uchrayotgan qator masalalar bo‘yicha savollar berdilar, amaldagi muammolar yechimi yuzasidan takliflar ilgari surdilar.
Sog‘lom raqobat muhiti iqtisodiy taraqqiyotning asosiy shartlaridan biri. Bunday seminarlar esa qonun talablarini to‘g‘ri anglash, tadbirkorlik va davlat boshqaruvida shaffoflikni ta’minlash, eng muhimi, barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish imkonini beradi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA