Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar va aholining muammolari o‘rganildi
21:55 / 2025-11-23

Xorazm viloyati hokimi tadbirkorlar hamda aholi bilan bevosita va ochik muloqot qilish, mavjud muammolarni aniqlash va joyida bartaraf etish maqsadida navbatdagi sayyor kabullarini o‘tkazdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda, xususan, Xorazm viloyatida ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish orqali aholi turmush darajasini yaxshilash, real daromadini oshirish va bandligini ta’minlashga muhim vazifa sifatida qaralmoqda. 

Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan qabulda viloyatning turli hududlaridan kelgan tadbirkorlarning takliflari, faoliyatlarini yanada rivojlantirishga to‘siq bo‘lib turgan muammoli masalalar yuzasidan murojaatlari tinglandi. 

Xususan, xonqalik tadbirkor Nishonbek Iskandarov quyosh panellarini o‘rnatish bilan shug‘ullanadi. Shu kunlarda u o‘z biznesini yanada kengaytirmoqchi. Biroq buni amalga oshirish uchun unga biroz ko‘mak kerak. Tadbirkor o‘z muammosini yechishda yordam so‘rab viloyatning birinchi rahbariga murojaat qildi.

–Xonqa tumanida Shovot kanali bo‘yida bir kunda uch yuz kishiga xizmat ko‘rsatadigan dam olish maskani qurib, kemada sayr qilish, katta va kichik insonlar uchun basseynlar, ovqatlanish shoxobchalarini tashkil qilmoqchiman, – deydi tadbirkor Nishonbek Iskandarov. – Hokimni o‘z biznes loyiham bilan tanishtirdim. Loyiham ishga tushsa, 15 ta yurtdoshimiz ish bilan ta’minlanadi. Jo‘rabek Rahimov beznes rejamni ma’qulladi. U tegishli rahbarlarga topshiriqlar berdi. Loyiham amalga oshsa, xalqimizga sidqidildan xizmat ko‘rsatishga tayyormiz. 

Qabul davomida yangi biznes loyihalarni moliyalashtirish, kredit to‘lovlari bilan bog‘liq yana bir qator masalalar muhokama qilindi. Mavjud muammolar tegishli soha mas’ullari ishtirokida o‘rganilib, amaliy yordam berish chora-tadbirlari belgilandi.

Navbatdagi qabul manzili Xonqa tumanidagi Ezgulik mahallasi bo‘ldi. Viloyatning birinchi rahbari bu yerda ham fuqarolar muammolarini o‘rganish, ularning turmush tarzini yanada yaxshilash maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi. 

Unda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan fuqarolarning talab va takliflari, ariza va shikoyatlari o‘rganildi. 
Mavjud muammolarning aksariyati daxldor idoralar, tuman va shahar hokimliklari vakillari ishtirokida o‘rganilib, amaliy yordam berish choralari ko‘rildi. 

– Quruvchining aybi bilan biz istiqomat qilayotgan ko‘p qavatli uyning kadastr hujjatlarida hatolik vujudga kelgan, – deydi urganchlik Dilfuza Otaniyozova.–Natijada uyimizni gaz tarmog‘iga ulab berishmadi. Mana kunlar sovib, qish yaqinlashmoqda. Biz esa yosh bolalarimiz bilan sovuq xonalarda o‘tiribmiz. Viloyat hokimidan yordam so‘radik. U kishi zudlik bilan rahbarlarni yig‘ib, shu yerning o‘zida tegishli choralarni ko‘rishni boshladi. Bizga qayg‘urayotganlari uchun barcha xonadon egalari nomidan minatdorchilik bildiraman. 

[gallery-26391]

Sayyor qabul davomida muammolir yechimidan tashqari ko‘plab fuqarolarga ularni qiziqtirayotgan masalalar bo‘yicha huquqiy tushuntirish va maslahatlar ham berildi. 

Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, xalqning dardu tashvishlarini o‘z vaqtida o‘rganib, ijobiy hal etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi. Sayyor qabullar esa joylarda muammolar yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.

Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA