Farg‘ona viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida 7,5 mingta yangi kichik biznes sub’ektlari tashkil qilinib, ularning umumiy soni 35 mingdan ortdi.
Ularda 14,6 mingdan ko‘proq ish o‘rinlari yaratildi. Yil yakuniga qadar yana 1500 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyatini yo‘lga qo‘yishi ta’minlanadi.
Viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyat markazi hamda har bir tuman va shaharda “Tadbirkorlar uyi” tashkil etildi. Viloyat markazidagi “Tadbirkorlar uyi”da bevosita kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan tuzilmalar bir joyga jamlandi. Natijada bu yerga murojaat bilan kelgan tadbirkorlarning har qanday masalasini shu joyning o‘zida hal etish imkoniyati yaratildi.

Xususan, tadbirkorlik sub’ektlariga loyihadan tortib, yer, bino, kredit ajratish, muhandislik tarmoqlariga ulanish, ro‘yxatdan o‘tish kabi masalalarni tizimli hal etish mexanizmi ishlab chiqildi. Telegram kanallarda, ijtimoiy tarmoqlarda “Tadbirkorlar uyi”ni www.fartadbikor.uz sahifasi ochilib, tadbirkorlarni onlayn murojaat qilishlari yo‘lga qo‘yildi.
Har bir tadbirkorning murojaatini qabul qilish, ro‘yxatga olish hamda elektron nazorat qiluvchi dastur “Kollektiv” axborot tizimi ishlab chiqilib, viloyat “Tadbirkorlar uyi” bilan barcha mas’ul boshqarma va tashkilotlar, tijorat banklari va tuman (shahar) “Tadbirkorlar uylari”ning uzviy aloqasi ta’minlandi.
“Tadbirkorlar uylari”da doimiy faoliyat olib borishlari uchun viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari va tuman (shahar) hokimlari birinchi o‘rinbosarlari uchun alohida xonalar tayyorlandi.
Oktyabr-noyabr oylarining o‘zida 1 ming 975 ta murojaat kelib tushib, ulardan 1172 tasi (59 foiz) ijobiy hal etildi, 506 tasi (26 foiz) tushuntirish berish orqali hal etildi, 297 tasi (15 foiz) tegishli boshqarma va tashkilotlar tomonidan o‘rganilmoqda. Har haftaning dushanba kuni viloyat hokimi tadbirkorlarni qabul qilib, murojaatlarini hal etmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA