Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar uchun yana bir imkoniyat
10:14 / 2025-08-04

Xitoy Xalq Respublikasining eng yirik va nufuzli tadbirlaridan biri – Kanton import va eksport yarmarkasiga bag‘ishlangan xalqaro taqdimot-seminari bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash va mahalliy tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochish maqsadida tashkil etildi. Seminarda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov, sohaga daxldor rasmiy idoralar, ishbilarmon doira vakillari, sohaviy uyushmalar, shuningdek, diplomatik vakolatxonalar xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan Dilshod Rasulov O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida izchil rivojlanayotgan iqtisodiy hamkorlikni alohida ta’kidladi. Kanton yarmarkasi mahalliy tadbirkorlar uchun Xitoy bozoriga chiqish, yangi mijozlar topish va eksport salohiyatini oshirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

Shuningdek, Kanton yarmarkasi delegatsiyasi rahbari, Xitoy tashqi savdo markazining ko‘rgazma va yarmarka ishlari bo‘yicha bosh direktori Lyu Syaomin yarmarkaning tarixi, yangi formati va unda ishtirok etish shartlari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Ya’ni, Kanton yarmarkasida onlayn va oflayn formatda qatnashish imkoniyati mavjud bo‘lib, O‘zbekiston kompaniyalari uchun qulayliklar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etilgan.

Lyu Syaomin o‘z taqdimotida o‘zbekistonlik tadbirkorlarni yarmarkada faol ishtirok etishga chorlab, bu orqali ular Xitoydagi ishonchli xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, yangi bozorlarga chiqish va savdo hajmini oshirish imkoniga ega bo‘lishini ta’kidladi.

Seminar doirasida ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida faol muloqot bo‘lib o‘tdi. Istiqbolli qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish va savdo hajmini oshirishning amaliy yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Nilufar Bozorova, O‘zA