Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar uchun tartib va talablar qisqarmoqda
11:35 / 2024-01-29

Yangi farmon

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda tadbirkorlar har taraflama qo‘llab-quvvatlanib, ularning erkin faoliyat yuritishi, raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishi, zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishi uchun keng imkoniyat yaratilayotir. Byurokratik tartib-taomillar qisqartirilib, korxonalar va davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirishga e’tibor kuchaytirilmoqda. Shu maqsadda o‘tgan yillarda turli byurokratik to‘siqlarni yuzaga keltiruvchi tartib va talablar qisqartirilgani ham bunga yaqqol dalildir.  

Davlatimiz rahbarining joriy yil 9 yanvardagi  “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish jarayonlarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tadbirkorlarga yanada ko‘proq imkoniyat yaratdi. Hisobot berish va statistik ma’lumotlarni taqdim etishda elektron hisobot tizimini joriy etish va axborot taqdim etish tartiblarini standartlashtirish orqali biznesga ma’muriy yukni kamaytirishning aniq vazifalari belgilandi. Endilikda hisobot berish vaqti va xarajatlari qisqartirilib, ma’lumotlarning to‘g‘riligi, iqtisodiy vaziyatning monitoringi yaxshiroq ta’minlanadi.  

Xususan, shu yildan boshlab tadbirkorlik sub’ektlaridan talab qilinadigan, o‘zaro bir-birini takrorlovchi va davlat organlarining boshqa organlaridan olish imkoniyati mavjud bo‘lgan 34 turdagi hisobot va statistika ma’lumotlari bekor qilinmoqda. Bu hisobotlarning bekor qilinishi mamlakatimizda har yili 21,5 ming tadbirkorning 500 million so‘m miqdoridagi moliyaviy xarajatini tejaydi.  

Aytish lozimki, tadbirkorlik sohasidagi ayrim litsenziyalash, hujjatlar bo‘yicha majburiy talablar tadbirkorlik sub’ektlari uchun ortiqcha xarajat va ovoragarchiliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Bu masala o‘tgan yil 18 avgust kuni Prezidentimizning tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ham qayd etilib, sohadagi majburiy talablarni qisqartirish vazifasi qo‘yildi.  

Prezidentimizning 2024 yil 9 yanvardagi “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni  bilan 2024 yil 1 martdan boshlab 16 ta litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinmoqda. Jumladan, 7 turdagi ruxsat beruvchi hujjat to‘liq bekor qilinib, 6 turdagisi birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadi. 3 ta litsenziya va ruxsatnoma xabarnoma tartibiga o‘tkaziladigan bo‘ldi.  

Jarimalarni o‘z vaqtida to‘lashni rag‘batlantirish uchun tadbirkor litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi qonunbuzilish sodir etganlik uchun moliyaviy jarimaning 50 foizini 15 kun, 70 foizini 30 kun ichida to‘lasa qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi ham belgilab qo‘yildi. 

Xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan shu va boshqa o‘zgarishlar sohani har taraflama rivojlantirib, milliy iqtisodiyotimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi uchun xizmat qiladi. Biz tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish barobarida yuz berayotgan bunday yangilanishlarning mazmun-mohiyatini mutasaddilar hamda tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazishga alohida ahamiyat beryapmiz. Sohaga oid qabul qilinayotgan farmon va qarorlarni tushuntirishga bag‘ishlangan uchrashuv va seminarlar tashkil etyapmiz.

Prezidentimizning mazkur farmon va qarorining ahamiyatini tushuntirish maqsadida yilning o‘tgan davrida Sherobod, Jarqo‘rg‘on tumanlari hokim yordamchilari, boshqa mutasaddilar hamda tadbirkorlar uchun o‘quv-seminar tashkil etdik. Seminarlarda tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlariga hisobot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish jarayonlarini yanada soddalashtirish, tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Farmon va qarorning sohada duch kelingan muammolarni bartaraf etishdagi ahamiyati xususida fikr almashildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi. O‘quv-seminarni viloyatning boshqa tumanlarida ham o‘tkazish rejalashtirilgan.  

Shavkat Yaxshiqulov,  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Surxondaryo viloyat shu’basi yetakchi inspektori.

O‘zA