So‘nggi yillarda mamlakat ichki bozorini sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, eksport imkoniyatlarini oshirish borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Sanoat korxonalarida sifatli mahsulot ishlab chiqarish bugungi kunning muhim omillaridan biriga aylangan. Jahon bozori talablariga javob bera oladigan raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirish uchun tadbirkor – ishbilarmonlarda standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash borasidagi bilim, tajriba va malaka o‘rni juda muhim.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024 yil 10 oktyabr kuni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ishlar va rejalar bilan tanishishga bag‘ishlangan yig‘ilishda tadbirkorlik sub’ektlarini 20 ming nafar mutaxassisining bilim, malakalarini oshirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Ushbu topshiriq ijrosi doirasida O‘zbekiston standartlar instituti tomonidan Buxoro viloyatida tashkil etilgan o‘quv seminarida viloyatdagi ishlab chiqarish korxonalari mutaxassislari, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi.
Mutaxassis va tadbirkorlarning mazkur yo‘nalishdagi bilimlarini oshirishga qaratilgan ushbu seminar, qisqa muddatli o‘quv kurslari respublikamizning barcha viloyatlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘quv kursi mashg‘ulotlarida ishtirokchilarning texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash faoliyati, ushbu faoliyatning mahsulot ishlab chiqarishdagi ahamiyati, mahsulot sifati va raqobatbardoshligiga ta’siri, xalqaro standartlarni joriy etish borasidagi bilim va malakalarini oshirishga e’tibor qaratiladi.

Buxoro shahrida tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan mutaxassislar onlayn tarzda ishtirok etmoqda. Ishtirokchilarga mutaxassislar tomonidan belgilangan dastur asosida zarur bilim va ko‘nikmalar berildi.
Mashg‘ulot davomida qatnashchilarning mavzu doirasidagi savollariga aniq va batafsil javoblar qaytarildi. Shuningdek, ishtirokchilarga mavzuga oid buklet, tarqatma va elektron materiallar taqdim etildi.

Ta’kidlash joiz, qisqa muddatli malaka oshirish kursida muvaffaqiyatli qatnashgan, tegishli bilimga ega bo‘lgan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi. Sertifikatga ega bo‘lgan mutaxassislar faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi tizimi tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlardan besh foizli chegirmaga ega bo‘lish imtiyozi belgilangan.
O‘zA