Poytaxtimizda “Kichik, o‘rta va yirik korxonalarda Sanoat-4.0 texnologiyasini joriy etishni jadallashtirish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Malayziya Davlat texnologik taraqqiyot korporatsiyasi (Malaysian Technology Development Corporation – MTDC) ekspertlari ishtirokida tashkil etilgan mazkur tadbirda mahalliy sanoat korxonalari, davlat va xususiy sektorning 60 dan ziyod turli tashkiloti vakillari qatnashmoqda.
19-21 oktyabr kunlariga mo‘ljallangan anjuman dasturidan “Sanoat-4.0”ning asosiy xususiyati, ya’ni “yuqori ma’lumotlar”, “bulutli hisoblash”, “buyumlar interneti” va “aqlli ishlab chiqarish” texnologiyalarini joriy etishni jadallashtirish, axborot texnologiyalarining sanoatga chuqur integratsiyalashuvi, "Cyber-Fisical Systems" yoki CPS bo‘yicha ma’ruza, taqdimotlar o‘rin olgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, MTDC 1994 yil Malayziya Xalqaro savdo va sanoat vazirligi tomonidan ilmiy-amaliy tadqiqot olib borish va izlanish natijasini iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlariga joriy etish maqsadida tashkil etilgan. Korporatsiya sanoat korxonalari uchun zarur yangi texnologiyalarni ishlab chiqadi va moliyalashtiradi. Startap ekotizimini yaxshilaydi, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlaydi va yangi loyihalarni moliyalashtiradi. Shu bilan birga sohaning turli yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Seminar ishtirokchilari tadbir haqida iliq munosabat bildirishyapti. Ularning fikricha, kurs davomida olingan ko‘nikma mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotining tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga tegishli sertifikatlar topshirilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zA