Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan loyiha
19:21 / 2017-05-18

O‘zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazining Toshkent shahar filiali o‘z faoliyatini boshlayotgan tadbirkorlarning biznes ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan yangi loyihani amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

O‘zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazining Toshkent shahar filiali o‘z faoliyatini boshlayotgan tadbirkorlarning biznes ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan yangi loyihani amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali tizim shakllantirilgan. Xususan, Prezidentimizning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni xususiy mulkni huquqiy himoya qilishni yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va bu borada qulay sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda.

Bu o‘z biznesini tashkil qilishni rejalashtirgan ishbilarmonlarni sohaga yanada keng jalb qilish imkonini berayotir.

O‘zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazining Toshkent shahar filiali Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Chilonzor tumani kengashi, shuningdek, “Yaran Consulting & Audit”, “New Realtor” kompaniyalari va “Mahorat saboqlari" o‘quv markazi bilan hamkorlikda ishlab chiqqan "Rivojlanish" loyihasi o‘z ishini yo‘lga qo‘yayotgan tadbirkorlarning bilimini oshirishga qaratilgan.

Loyihaning asosiy maqsadi yangi tadbirkorlarning moliyaviy va huquqiy sohaga oid bilimini boyitish, xodimlarni boshqarish, marketing va shaxsning rivojlanishiga oid amaliy tavsiyalar berishdan iborat.

– Bugungi kunda muvaffaqiyatga erishish uchun barcha ishlarni tez bajarish, fuqarolarga biznes sohasida ma’lumotlar berishga ko‘proq e’tibor qaratish zarur, – deydi “Rivojlanish” loyihasining muvofiqlashtiruvchisi Yevgeniya Son. – Kichik biznes – bu yangi ish o‘rinlari yaratish, yalpi ichki mahsulotni, soliqlar tushumini ko‘paytirish va aholi turmush darajasini yaxshilash demakdir.

Loyiha doirasida faoliyatning dastlabki yilida oyoqqa turib olishga bag‘ishlangan turkum mahorat saboqlari o‘tkaziladi. Xalqaro statistika ma’lumotlariga ko‘ra, biznes tuzilmalarning 40 foizi ish boshlagan dastlabki yilda, 20 foizi ikkinchi va 10 foizi uchinchi yilda tugatilmoqda. Shu bois o‘z ishini yo‘lga qo‘yayotgan tadbirkorlarga odatiy xatolarni takrorlamaslikni o‘rgatish loyihada ko‘zda tutilgan muhim vazifalardan biridir. Bu borada tadbirkorlar bilan mashg‘ulot o‘tish uchun turli kompaniya rahbarlari va sohalar ekspertlari taklif etilgan. Ular boshqaruvga oid tajribasi bilan o‘rtoqlashib, o‘z muvaffaqiyati va omadsizliklari, maqsadga erishish yo‘llari haqida so‘zlab beradi.

Loyiha doirasida ishtirokchilar nafaqat bir-biri bilan tanishishi, balki kelajakda biznes-hamkor bo‘lishi, birgalikda ishlash uchun jamoa tuzishi ham mumkin.