Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar uchun malaka oshirish kurslarining ikkinchi bosqichi boshlanadi
18:28 / 2025-06-23

Ma’lumki, har bir sohada kadrlar bilim va malakasini oshirish ushbu soha istiqboli va rivojlanishining asosiy mezoni sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2024 yil 10 oktyabrda texnik jihatdan tartibga solish sohasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar to‘g‘risida o‘tkazilgan taqdimotda 2025 yil davomida mamlakatimizdagi tadbirkorlik sub’ektlarining 20 ming nafarining malakasini oshirish vazifasi belgilangan edi. 

Joriy yilning yanvar-aprel oylarida respublikaning 14 ta hududi bo‘ylab 22 ta sayyor o‘quv kursi tashkil etilib, ularda tadbirkorlik sub’ektlarining sifatga mas’ul bo‘lgan 9 ming 950 nafar xodimining malakasi oshirildi. 

Hududlarda o‘quv kurslarini o‘tkazish jarayonida ishtirokchilarning soha bo‘yicha bilimlari dastlabki va yakuniy test vositasida baholandi. 

Natijada tadbirkorlik sub’ektlarining kurslarda ishtirok etib, yakuniy testdan muvaffaqiyatli o‘tgan, mahsulot sifatiga mas’ul 91 nafar xodimiga sertifikat, qolgan tinglovchilarga guvohnomalar taqdim etildi.

Muhim jihati shundaki, malaka oshirish jarayonida olib borilgan targ‘ibotlar natijasida hududlarda standartlashtirish bo‘yicha malakali mutaxassislar zaxirasini yaratishga erishildi. Ushbu mutaxassislar orqali korxonalarda standartlarni joriy qilish, ularning standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalar faoliyatida ishtirokini ta’minlash belgilab olindi.

Topshiriq va vazifalar ijrosini to‘laqonli ta’minlash maqsadida yil yakuniga qadar malakasini oshirgan mahsulot sifatiga mas’ul xodimlar sonini 20 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2025 yil 9 iyundagi topshirig‘iga asosan, joriy yilning 2 iyulidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlar uchun o‘quv kurslarining ikkinchi bosqichi boshlanadi hamda yil yakuniga qadar respublikamizning barcha viloyatlarida davom etadi. 

Tadbirkorlik sub’ektlarining bilim va malakasini oshirishdan maqsad ularni yangilanib borayotgan ilmiy-texnik, iqtisodiy va huquqiy ma’lumotlardan xabardor etish, mehnat unumdorligini va ish samaradorligini oshirishdir. 

Sh. Mamaturopova, O‘zA