Bugungi kunda tadbirkorlar manfaatlarini ta’minlash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganiga qaramay, tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining sud orqali himoya qilinishini ta’minlashda ayrim muammolar bor.
Shu bois sudlarda ko‘riladigan ishlar bo‘yicha ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish, tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishdagi ayrim majburiy talablarni qisqartirish zarurati yuzaga kelmoqda.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan tadbirkorlar uchun majburiy talablar qisqartirilmoqda, majburiyatlar yengillashtirilyapti. Ya’ni, soliq to‘lash bilan bog‘liq barcha nizolarni ko‘rib chiqish ma’muriy sudlarga o‘tkazilmoqda.

— Bunday qarorga kelinayotgani bejiz emas, — deydi fraksiya a’zosi Bahodir Mamatxonov. — Ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiy sudlar tomonidan 2023 yil 6 oy davomida soliq organlari ishtirokida ko‘rilgan ishlar soni jami 86 ming 714 tani tashkil etgan bo‘lib, shundan 78 ming 641 tasi qanoatlantirilgan, xolos. Qolganlari qanoatlantirilmagan yoki qoldirilgan. Qonun loyihasi esa tadbirkorlik sub’ektlarining sud majlislarida ortiqcha vaqt sarflashi bilan bog‘liq byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda biznes muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.
***
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

Ushbu qonun loyihasi bilan o‘ziga nisbatan sudning jazo tayinlanmagan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasiga muvofiq aybdorlik to‘g‘risidagi masala hal qilinmasdan turib o‘ziga nisbatan jinoyat ishi tugatilgan yoxud reabilitasiya qilmaydigan asoslar bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan shaxslar, o‘ziga nisbatan qamoqqa olish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasi tanlangan jinoyat sodir etishda ayblanuvchilarni profilaktik hisobga qo‘yiladigan shaxslar qatoridan chiqarish taklif etilmoqda.
Loyihada sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarlik uchun sud tomonidan muayyan muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarni profilaktik hisobga olish ko‘zda tutilyapti. Munozaralar davomida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxslarning profilaktik hisobga olinishi borasida norma fraksiya a’zolari tomonidan qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Deputat Shokirjon Ahmedovning fikricha, huquqbuzar haydovchini transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish birinchi jazo chorasi, unga nisbatan jarima tayinlanishi esa ikkinchi jazo chorasi sanaladi. Taklif etilayotgan qonun loyihasi bo‘yicha ichki ishlar organlari tomonidan profilaktik hisobga olinishi fuqaroga nisbatan yana bitta huquqbuzarlik chorasiga aylanib qolishi ehtimoli bor. Bunday yangi me’yor jamiyat tomonidan “ro‘yxatda turish” shaklida qo‘shimcha jazo sifatida qabul qilinishi mumkin. Shunday ekan, ushbu normani chuqur tahlillar asosida o‘rganish maqsadga muvofiq.
Yig‘ilishda yana bir qator qonun loyihalari ko‘riib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA