Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 24 yanvardagi “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatini aholi va tadbirkorlarga yetkazish maqsadida joylarda o‘quv-seminarlari bo‘lib o‘tdi.
Xususan, Toshkentning Yashnobod va Shayxontohur tumanlarida Biznes-ombudsman devoni xodimlari ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvlarda tadbirkorlar va soliq to‘lovchilar Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi. Shuningdek, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan aniq javoblar berildi.

Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni va Toshkent viloyatining soliq va boshqa tegishli nazorat organlari bilan hamkorlikda 300 dan ziyod tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida Sirdaryo tumanida seminar tashkillashtirildi.
Unda joriy yil uchun soliq va byudjet siyosatida ro‘y bergan o‘zgarishlar bilan bir qatorda nazorat organlari mansabdor shaxslarining tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid harakatlari uchun qo‘llaniladigan ta’sir choralari bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan uchrashuv so‘ngida esa tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga tegishli soha xodimlari tomonidan batafsil javob qaytarildi.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hokimligi binosida o‘quv seminari tashkil qilindi. Unda tadbirkorlik sub’ektlariga berilayotgan keng imtiyozlar va bekor qilinayotgan statistika ma’lumotlari va litsenziyalar haqida tushunchalar berildi.

Biznes-ombudsmanning Samarqand viloyati sho‘’basi va Samarqand viloyat soliq boshqarmasi xodimlari tomonidan ham Oqdaryo tumanida o‘quv seminari tashkil qilindi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining boshqa turli soha vakillari bilan bu formatdagi uchrashuvlarni davom ettirish rejalashtirilmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA