Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar taqdirlandi
16:03 / 2025-08-19

Samarqand viloyat hokimligida Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan farmoni va farmoyishiga ko‘ra, Tadbirkorlar kuni munosabati bilan davlat mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan samarqandlik bir guruh faol ishbilarmonlarga ushbu mukofotlarni topshirish marosimi o‘tkazildi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev davlatimiz rahbari tomonidan e’tirof etilgan samarqandlik tadbirkorlarni tabriklab, bu viloyatdagi barcha tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga berilgan yuksak baho ekanligini ta’kidladi.

– Gilam va gilam mahsulotlari bilan bugun nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham tanilgan “Sam Antep Gilam” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Kamol Abdullayevning “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvoni bilan taqdirlangani barcha samarqandlik tadbirkorlarning yutug‘i desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – dedi A.Boboyev. – Shuningdek, viloyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol ishtirok etib kelayotgan Urgut tumanidagi “SXF Big Stroy Building” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Zafar To‘rayev va Bulung‘ur tumanidagi “Samarkand Garden plast” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktorlar kengashi raisi Shuhrat Ergashevning “Do‘stlik” ordeniga hamda Samarqand shahridagi “STD Health Med” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Nasimjon Komilovning “Shuhrat” medaliga loyiq ko‘rilgani ham hammamiz uchun juda katta faxr, iftixor hisoblanadi. Yana 10 nafar tadbirkorimiz esa “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.  

Marosimda mukofotlar tantanali ravishda topshirilib, barcha tadbirkorlarga muvaffaqiyat tilandi.

– Prezidentimizning biz tadbirkorlarga bo‘lgan alohida e’tiborlari tufayli yurtimizda 20 avgustning tadbirkorlar kuni sifatida belgilanishining o‘zi juda katta voqea bo‘lgandi, – deydi “STD Health Med” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, “Shuhrat” medali sohibi Nasimjon Komilov. – Har yili shu kuni davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan uchrashib, bizning muammolarimiz, taklif va tashabbuslarimizni eshitishlari esa faoliyatimizni yanada kengaytirish, ishimizni rivojlantirishga juda katta imkoniyatlar yaratmoqda. 

Biz ham ana shu imkoniyatlar, yurtimizda xususiy tibbiyotni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar tufayli xalqimizga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatishga harakat qilyapmiz. Ana shu ishlarimiz e’tirof etilib, davlat mukofoti bilan taqdirlanganimizdan juda xursandman va buning uchun Prezidentimizga jamoamiz nomidan minnatdorlik bildiraman.

G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri