Har yili avgust oyining 20 sanasida “Tadbirkorlar kuni” munosabati bilan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini o‘tkazish an’anaga aylangan. Ayni vaqtda hududlarda joriy yilda bo‘lajak navbatdagi uchrashuvdan oldin qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilib, tadbirkorlik sub’ektlarining taklif va tashabbuslari o‘rganilmoqda.
Jumladan, Namangan shahridagi “Monomarkaz” binosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) devoni mas’ul xodimlari tomonidan nazorat qiluvchi organlar, shahar, tuman hokimliklari hamda boshqa tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqot avvalida, Prezidentimizning 2022 yil 27 iyuldagi “Tadbirkorlik sub’ektlari bilan samarali muloqot tizimini joriy etish va ularning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tadbirkorlik sub’ektlari murojaatlarini ko‘rib chiqishda mazkur farmon talablariga qat’iy rioya qilish lozimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, yig‘ilish qatnashchilariga tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshirish o‘tkazish bilan bog‘liq qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati yuzasidan tushunchalar berildi, biznes vakillarining savollariga atroflicha javoblar qaytarildi.
Biznes-Ombudsman Namangan viloyati sho‘’basi tomonidan viloyat soliq boshqarmasi va Yangiqo‘rg‘on tuman hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan uchrashuvda ham ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni o‘ylantirib turgan dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi. O‘n beshdan ortiq tadbirkorlarning soliq, yer, kredit, tekshiruvlar singari muhim masalalarda taklif va muammolari tinglandi.
Uchrashuvlarda eshitilgan har bir murojaat nazorat va o‘rganish uchun qabul qilinib, bildirilgan takliflar keyinchalik amaliyotga tatbiq etish yuzasidan choralar belgilandi.
Ma’lumot o‘rnida, Biznes-Ombudsman devoniga 2023 yilning o‘tgan davrida Namangan viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlaridan 411 murojaat kelib tushgan. Shundan 359 tasi, ya’ni 80 foizi ijobiy hal etilgan. Jumladan, “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali 300 nafarga yaqin tadbirkorning murojaatlari vakolatli tashkilotlarga ijro uchun yo‘naltirilib, nazoratga olingan holda ijrosi ta’minlandi.
O‘rganishlar va tahlil natijalarida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 136 ta’sir chorasi qo‘llanildi. Xususan, 122 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Tashkilot va idoralarga qonun buzilishi holatlarining oldini olish maqsadida 4 ta taqdimnoma, 6 ta ogohlantirish kiritildi. Qolaversa, sudlarga tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlarini ko‘zlab, umumiy qiymati 500 million so‘mdan ortiq 4 ta da’vo arizasi kiritilib, ishbilarmonlarning manfaatlari to‘laqonli ta’minlandi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA