Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar takliflari asosida davlat xaridlari tartiblari takomillashtirilmoqda
18:37 / 2025-11-07

Bugun poytaxtimizda “Davlat xaridlarini takomillashtirish” mavzusida keng qamrovli davra suhbati o‘tkazildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirga yirik davlat korxonalari, vazirlik va idoralar vakillari, xususiy sektor sub’ektlari, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar mutasaddilari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda Osiyo taraqqiyot banki va Jahon banki ekspertlari ishtirok etdi.  

Davra suhbatida Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova so‘zga chiqib, mamlakatimizda davlat xaridlari sohasida amalga oshirilgan islohotlar, raqamlashtirish jarayonlari va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha erishilgan natijalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.  

Qayd etish kerakki, davlat xaridlari tizimi mamlakat iqtisodiyotida ochiqlik va samaradorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. U orqali davlat tashkilotlari zarur tovarlar, ishlar va xizmatlarni raqobatbardosh sharoitda tanlab oladi. Bu jarayon mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, korrupsiya xavfini kamaytirish hamda byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanishga xizmat qiladi. Shu bois davlat xaridlarida shaffoflik, raqobat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.  

[gallery-26134]

– Shu talablardan kelib chiqib, davlat xizmatlarini ko‘rsatishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot orqali amalga oshirish imkoniyatini beradigan zamonaviy interaktiv shakllar joriy etilmoqda. Bir qator davlat xaridlari sohasi bo‘yicha ochiq muloqotlar o‘tkazilyapti. Davlat xaridlari sohasidagi bu kabi muloqotda tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar va ularning tizimli yechimi bo‘yicha takliflar sifatida shakllangan tahliliy materiallar tayyorlandi. Biz ular bilan tanishib chiqib, shu sohada yuzaga kelayotgan kamchiliklarni tizimli yechish yo‘llarini birgalikda tahlil qilib olish hamda ularni takomillashtirishga jazm qildik. Mazkur davra suhbatida bildirilgan takliflarga birgalikda yechim izlash bilan birga, mavjud muammolar yuzasidan fikr almashish, muhokama qilish hamda davlat buyurtmachilari, tadbirkorlar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida axborot berish ham muhim vazifalar hisoblanadi, –dedi G.Rahimova.  

Tadbirda ishtirokchilar davlat xaridlarida tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokini yanada kengaytirish, mavjud muammolar va ularning amaliy yechimlarini belgilash, kichik biznes, xotin-qizlar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning tender jarayonlaridagi faolligini oshirish, korrupsiya xavfini kamaytirish va shaffoflikni kuchaytirish, elektron davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdi.  

Tadbirda so‘z olgan tadbirkor Shohrux Ortiqov davlat xaridlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yaxshi natijalar berayotgani, ayrim masalalar bo‘yicha yechimlar zarurligini ta’kidladi.  

– Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 712-sonli qaroriga asosan “Milliy do‘kon” platformasiga mahsulot joylashtirishimiz uchun muvofiqlik sertifikati talab qilinadi. Shunga qo‘shimcha talablar ham belgilangan. Kichik tadbirkor muvofiqlik sertifikatidan tashqari yana qo‘shimcha talablarni bajarishi zarur bo‘ladi. Bugungi davra suhbatida bu borada yengillik kiritish taklifini berdim. Bu taklifim inobatga olinishi va galdagi ishlab chiqilayotgan hujjatda yengillik berilishi aytildi. Albatta, bunday tadbirlar biz tadbirkorlar uchun muhim, chunki unda o‘z munosabatimizni bildirish imkoniyati yaratilayotgani bizni quvontiradi, – dedi Sh.Ortiqov.  

Tadbir yakunida davlat va biznes o‘rtasidagi ochiq muloqotni izchil davom ettirish, xaridlar tizimini samarali va shaffof qilish bo‘yicha qo‘shimcha taklif va tashabbuslar ishlab chiqilishi belgilab olindi. Shuningdek, kelgusida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish sohadagi islohotlar ustuvor yo‘nalishlardan biri ekani ta’kidlandi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA