Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar sudga “chaqirildi”
15:17 / 2021-05-25

Samarqand viloyat sudi binosida tadbirkorlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda viloyat sudi raisi o‘rinbosarlari, sudyalar, viloyat prokuraturasi, soliq, adliya, bank idoralari, savdo-sanoat palatasi, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmalari mas’ul shaxslari ishtirok etib, tadbirkorlar bilan muloqot qildi, ularni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.  

– Bugun yurtimizda tadbirkorlik uchun, ishbilarmonlar uchun juda katta imkoniyatlar yaratilib, imtiyozlar berilmoqda, – dedi viloyat sudi raisi o‘rinbosari Sh.Mamadiyarov. – Lekin bundan yetarli darajada xabardor bo‘lmagan yoki imtiyozlardan foydalana olmayotgan, ayrim byurokratik to‘siqlarga duch kelayotgan tadbirkorlar bor. Balki ularning huquq-tartibot organlari, banklar, hokimiyatlar bilan bog‘liq muammolari bordir. Yoki berilgan imtiyozlarni suiiste’mol qilayotgan soxta tadbirkorlar ham uchramoqda. Davra suhbatida ana shu masalalar haqida o‘zaro fikrlashib olish, muammolarga birgalikda yechim izlash maqsadida tashkil etildi.  

Viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi N.Yusupov tadbirkorlik faoliyati uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari monitoringini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va uning ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi B Aliqulov esa Jinoyat kodeksining 184-moddasi, ya’ni soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash jinoyati bilan bog‘liq masalalarni aniq misollar, fakt va raqamlar bilan sharhlab berdi. Xususan, 2021 yilning yanvar-aprel oylari davomida 28 nafar shaxsga nisbatan shu toifadagi jinoyat ishlari ko‘rilgan bo‘lib, 1 nafar shaxs oqlangan va 27 nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlangan. 42  milliard 937 million so‘mni undirish haqida hukmlar qabul qilinib, 32  milliard 186 million so‘m qismi qoplangan.

Davra suhbati davomida tadbirkorlar ko‘plab masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, shuningdek, faoliyati bilan bog‘liq masalalarda o‘z takliflarini bildirdi.

 

G‘.HASANOV, O‘zA