Prezident topshirig‘i amalda
Soliq siyosatiga kiritilgan o‘zgarishlar, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatlari davomida yuzaga kelayotgan masalalarni ochiq muloqot shaklida ko‘rib chiqish maqsadida Bekobod shahridagi kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvi o‘tkazildi.
Unda Toshkent viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Inog‘omov tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar to‘g‘risida so‘z yuritdi. Qayd etilganidek, bugungi kunda kichik va o‘rta biznesning rivoji uchun soliq tizimidagi yangilangan qoida, imtiyoz va yengilliklar katta ahamiyat kasb etadi.

Xususan, Prezidentimizning joriy yil 19 mart kuni kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvida ham ko‘plab maqsad va vazifalar to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan edi. Shu bois mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan ishbilarmonlar safini yanada kengaytirish, faoliyatlarini rivojlantirishda biznes vakillarining mavjud muammo va takliflarini o‘rganish hamda ularga yechim topish muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Bekobodlik 50 nafarga yaqin kichik va o‘rta biznes vakillari bilan ochiq muloqot davomida ham bu borada atroflicha so‘z yuritildi. Ularning markirovkalash, soliq hisobotlarini topshirish, imtiyozlardan foydalanish va kadastr organlari bilan bog‘liq muammo va takliflari tinglanib, ijobiy hal etish choralari ko‘rildi.

Jarayonda QQS to‘lovidan hosil bo‘lgan ortiqcha summani qaytarishda amaliy yordam ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchun soliqlarni hisoblashda kamaytiruvchi koeffitsiyentni qo‘llash, yer toifasini o‘zgartirish, yer solig‘i hisobotlarini tuzatishda amaliy ko‘mak ko‘rsatish kabi masalalarda tadbirkorlarning muammolari tinglandi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar tomonidan muammoli murojaatlari ham ko‘rib chiqildi. Bular yuzasidan mas’ul tashkilot hamda soha mutaxassislari tomonidan tegishli tushuntirish, ijobiy javoblar hamda ayrim murojaatlar muddat talab etilishi ma’lum qilindi. O‘zaro savol-javoblar davomida ishtirokchilar ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Shuningdek, eng namunali, barqarorlik reytingi yuqori va faol tadbirkorlar “Eng ko‘p ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik sub’ekti”, “Eng intizomli soliq to‘lovchi”, “Eng yosh tadbirkor” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandi.
A.Musayev, O‘zA