Tadbirkorlar safi kengaymoqda
Mamlakatimizda raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi farovonligini yuksaltirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o‘rni ortib bormoqda.
Mamlakatimizda raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi farovonligini yuksaltirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o‘rni ortib bormoqda.Prezidentimizning shu yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlar imkoniyatlarini yanada kengaytirib, ularning erkin va samarali faoliyat ko‘rsatishiga xizmat qilmoqda. Farg‘ona viloyatida ham mazkur yo‘nalishda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 9 oyida viloyatda 1 ming 767 yangi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. Tijorat banklari tomonidan ushbu soha rivoji uchun 670,6 milliard so‘m kredit mablag‘lariajratildi. Ayniqsa, qishloqda istiqbolli loyihalar amalga oshirilib, soha jadal rivojlanmoqda.
Rishton tumanidagi “Rishton savdo invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tirikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankidan olingan kredit evaziga zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatildi. Ayni paytda bu yerda ichki bozorni inobatga olgan holda sport kiyimlari, kattalar va bolalar kamzullari kabi 50 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Ishchilarning aksariyati kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlardir.
– Rishton sanoat kasb-hunar kollejini bitirib, shu yerda ishlayapman, – deydi Nilufar Yoqubova. – Zamonaviy tikuv dastgohlarini boshqarishni tezda o‘zlashtirdim. Tengdoshlarim bilan mahsulotlarning yangi dizayni borasida ham ish olib bormoqdamiz.
Mahsulot eksporti jamoaning asosiy maqsadidir. Xorijiy davlatlar bilan mahsulot yetkazib berish bo‘yicha 250 ming dollarlik shartnoma imzolangan.