Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Samarqand viloyati turizm sohasi mas’ullari va tadbirkorlar bilan muloqot qildi.
Uchrashuvda keyingi yillarda Samarqand viloyatining turizm salohiyati bir muncha oshgani, mahalliy va xorijlik turistlar tashrifi yildan-yilga ko‘payib borayotgani e’tirof etildi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 27-dekabrdagi “Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarorida ham viloyatda turizmni rivojlantirish, buning uchun qulay muhit va infratuzilma yaratish vazifalari belgilangan. Jumladan, yil davomida viloyatda 60 ta yangi investitsion loyiha amalga oshiriladi. 8 ta ko‘chani 24/7 tizimida ishlovchi turizm ko‘chasi sifatida tashkil etish rejalashtirilgan. 20 ta yangi mehmonxona, 96 ta mehmon uyi, 38 ta xostel tashkil etiladi. Bu yil Samarqandga keladigan xorijlik sayyohlarni 5 million nafarga, mahalliy sayyohlarni esa 6 million nafarga yetkazish maqsad qilingan.
Urgut tumanining Zarafshon tog‘ tizmasida joylashgan “Qortog‘” zonasida, Nurobod tumanining Mehnat qishlog‘i hamda “Hazrati Dovud” ziyoratgohi hududlarida turistik-rekreatsion zona tashkil etish choralari ko‘riladi.
Nurobod tumani Nurbuloq shaharchasini master reja asosida yil davomida uzluksiz xizmat ko‘rsatuvchi “kurort” shaharchaga aylantirish uchun infratuzilmani barpo etishga 32 milliard so‘m, Samarqand tumanidagi “Ohalik-Oqbo‘yro-Mironqul” turistik rekreatsion zonasi hududlarini infratuzilma bilan ta’minlash maqsadida 14,3 milliard so‘m mablag‘ ajratish belgilangan.
– Bir necha kundan beri Samarqand viloyatining turizm salohiyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, yangi turizm yo‘nalishlarini tashkil etish bo‘yicha manzilli o‘rganishlar olib borildi, – dedi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov. – Ushbu o‘rganishlar natijasida bir nechta ob’ektlarning aniq loyihalari ishlab chiqildi. Loyihalar yanada mukammallashtirib, turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha dastur va qarorlarga kiritiladi. Xususan, Bulung‘urdagi Sheroz qal’ani Amir Temur davrini aks ettiruvchi ochiq tomoshagoh sifatida shakllantirish, Nuroboddagi Nurbuloq mahallasini kurort manzilga aylantirish va boshqa ko‘plab shunday manzillar loyiha shakliga keltirildi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar sayyohlarga xalqaro standartlar va zamon talablariga mos xizmat ko‘rsatishda yuzaga kelayotgan ayrim masalalar yuzasidan qo‘mita raisiga murojaat qilib, muammolarni hal etishda yordam so‘radi.
Har bir masala bo‘yicha mutasaddilar tomonidan javoblar bildirildi, ularni hal qilishda hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda Samarqandda o‘tgan yilgi singari Andrea Bochellidek dunyoga mashhur san’atkorlar, ansambl va orkestrlarning konsertini uyushtirish ortidan xorijlik sayyohlar oqimini ko‘paytirish imkoniyatlari haqida takliflar bildirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari