Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanmoqda
17:20 / 2025-12-22

O‘zbekistonda texnik tartibga solish sohasini isloh qilish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ortiqcha byurokratik jarayonlarni bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu borada muvofiqlikni baholash tizimini takomillashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Xususan, majburiy sertifikatlash talablari tanqidiy qayta ko‘rib chiqilib, mahsulotlar ro‘yxati sezilarli darajada qisqartirildi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida 747 ta tovar  uchun majburiy sertifikatlash talabi bekor qilindi. Bu esa sertifikatlashtirishga tegishli mahsulotlar umumiy ro‘yxatini 27 foizga qisqartirish imkonini berdi. Shuningdek, 156 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amaliyoti to‘liq tugatildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarishlar tadbirkorlarning xarajatlari va vaqt sarfini kamaytirish, ish jarayonlarini soddalashtirish hamda bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda majburiy sertifikatlashdan bosqichma-bosqich voz kechish va mahsulotlar muvofiqligini deklaratsiyalash tizimiga o‘tish jarayoni jadal olib borilmoqda. Xavf darajasi yuqori bo‘lmagan mahsulotlar uchun muvofiqlikni baholashning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi. Jumladan, majburiy tartibda muvofiqligi baholanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatidagi 44 ta toifaga kiruvchi 1 302 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha muvofiqlik to‘g‘risida deklaratsiya rasmiylashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Muhim jihati shundaki, muvofiqlik deklaratsiyasi endilikda Texnik tartibga solish milliy axborot tizimi orqali elektron shaklda rasmiylashtirilmoqda. Tadbirkorlar trtis.uz axborot tizimi orqali ushbu mahsulotlarni onlayn tarzda deklaratsiya qilish imkoniyatiga ega. Bu esa jarayonlarni yanada shaffof, tezkor va qulay qilish bilan birga, inson omili bilan bog‘liq xavflarni ham kamaytiradi.

Shu bilan birga, mahsulotlarni sertifikatlashtirishda yagona va aniq talablarni belgilash bo‘yicha ishlar ham jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Elektrotexnika va qurilish mahsulotlarini sertifikatsiyalash tizimini takomillashtirish, ichki bozorni sifatsiz hamda kontrafakt mahsulotlardan himoya qilish maqsadida hozirga qadar 13 ta sinov dasturi ishlab chiqilib, tasdiqlangan.

Mutaxassislarning fikricha, ushbu islohotlar nafaqat tadbirkorlar uchun yengillik yaratadi, balki bozorda adolatli raqobat muhitini shakllantirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va mahsulotlar sifatini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Umuman olganda, muvofiqlikni baholash tizimida amalga oshirilayotgan yangiliklar O‘zbekistonda biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish va tadbirkorlik salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA