Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanmoqda
19:13 / 2023-12-27

Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish, tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlari huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – Biznes-ombudsman devoni, uning viloyatlardagi inspektorlari tomonidan ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Biznes-ombudsmanning Andijon viloyatidagi vakillari tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari, qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning qarorlari, mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan shikoyatlarni belgilangan tartiblar asosida ko‘rib chiqmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida tadbirkorlarning 221 ta murojaati ko‘rib chiqilib, ularning 62 foizi ijobiy hal etildi. Qolganlari bo‘yicha murojaatchilarga qonunlar doirasida tushuntirishlar berildi. Bundan tashqari, “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali 683 nafar tadbirkorning murojaati vakolatli tashkilotlarga ijro uchun yo‘naltirildi, nazoratga olinib, hal etish choralari ko‘rildi. 

Tadbirkorlik sub’ektlari murojaatlarining ko‘rib chiqilishida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 93 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy chora ko‘rildi. Shuningdek, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilishining qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari doirasida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli idoralar mas’ullariga nisbatan ta’sir choralari qo‘llanildi. Jumladan, 192 nafar mansabdor shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi, tegishli idoralarga qonunbuzilish holatlarining oldini olish yuzasidan 20 ta taqdimnoma, ogohnoma hamda sudlarga da’vo arizalari kiritildi. 

Kiritilgan davo arizalarining 7 tasi sudlar tomonidan qanoatlantirilib, tadbirkorlar foydasiga 1 milliard 150 million so‘mdan ortiq mablag‘ undirilishi bo‘yicha qarorlar chiqarildi. 

Joriy yilning o‘tgan davrida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar faoliyati bo‘yicha 4 ming 321 ta tekshiruv o‘tkazildi. Shundan 60 tasi Biznes-ombudsman bilan kelishilgan, 4 ming 261 tasi uni xabardor etgan holda o‘tkazildi. Biznes-ombudsmanga nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlarni o‘tkazishni kelishish uchun kiritilgan jami 155 ta so‘rovnoma tekshiruv o‘tkazish uchun qonuniy asoslar mavjud bo‘lmaganligi sababli rad etildi. 

Bundan tashqari, tekshiruvlar qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring doirasida nazorat organlari tomonidan 30 ta noqonuniy tekshiruv o‘tkazilganligi, 58 ta holatda tekshirish o‘tkazish tartibi buzilganligi aniqlandi. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 88 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. 

Muxtasar aytganda, Biznes-ombudsmanning Andijon viloyatidagi vakillari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning faoliyatiga davlat organlarining asossiz aralashuvining oldini olishga qaratilgan zarur ishlar olib borilmoqda. 

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri